HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar dushanba kuni G‘azoda urush boshlanganidan qariyb bir yil o‘tib, mintaqaviy ittifoqchilar ko‘magida Isroilga qarshi kurashni davom ettirish uchun resurslarga ega ekanligini ma’lum qildi. Sinvar guruhning Yamandagi ittifoqchilariga yo‘llagan maktubida “uzoq davom etadigan vayronkor urushga qarshi kurashishga tayyormiz”, dedi.
Sinvar Yaman husiylariga yo‘llagan maktubida G‘azo va mintaqaning boshqa joylarida, jumladan, Livan va Iroqda Eron bilan bog‘liq bo‘lgan guruhlar 11 oydan ortiq davom etib kelayotgan urushda "dushmanning siyosiy irodasi sinishi"ni ta’kidladi.
"Bizning siz bilan hamda Livan va Iroqdagi guruhlar bilan birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz dushmanni sindirib, uni mag‘lub qiladi", dedi Sinvar.
Ayni paytda qamal ostidagi G‘azo sektorida halokatli janglar davom etmoqda, shifokorlar va qutqaruvchilar dushanba kuni Isroil zarbalari natijasida kamida yigirma kishi halok bo‘lganini ma’lum qilishdi.
Oxirgi zarbalar Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant Livanda Hizbulloh jangarilari bilan janglarni tugatish istiqbollari xiralashib borayotgani va mintaqaviy mojaroning kengroq hududlarni qamlab olishi haqida ogohlantirgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
HAMASning yuqori martabali rasmiysi Usama Hamdan o‘tgan hafta oxirida AFP agentligiga guruh yo‘qotishlarga qaramay, kurashni "davom etish qobiliyatiga ega"ligini aytib, o‘ldirilgan jangchilar o‘rniga "yangi avlodlar yollangani"ni ma’lum qildi.
Ayni vaqtda, Gallant o‘tgan hafta 7 oktyabrdagi hujumi urushga sabab bo‘lgan HAMAS hozirda G‘azoda harbiy kuch sifatida "mavjud emas"ligini aytdi.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha mustaqil ekspertlari Isroil G‘azodagi harakatlari tufayli xalqaro yakkalanib qolish xavfi borligidan ogohlantirdi va G‘arb davlatlarini javobgarlikni ta’minlashga chaqirdi.
Zo‘ravonliklar keng ko‘lamli urushga aylanib ketishi mumkinligidan xavotirlar ortidan Isroilning Livan bilan shimoliy chegarasida keskinlik kuchaygan.
“Hizbulloh o‘zini HAMAS bilan bog‘lashda davom etar va mojaroga barham berishdan bosh tortar ekan, kelishuv ehtimoli kamayib bormoqda”, dedi Gallant AQShga tashrif buyurgan AQSh maxsus vakili Amos Xochshteynga.