O‘zbekistonda guruch zaxiralari yetarli. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda guruch narxini oshib ketishi haqida asossiz xabarlar tarqaldi.
"Aholini turli ijtimoiy tarmoqlardagi guruchni narxini oshib ketishi asossiz targ‘ib qilishidan ogoh bo‘lishga, bu faqatgina spekulyativ holat yoki guruch narxini asossiz oshirishga harakatlarni amalga oshirishga turtki bo‘layotganligini ma’lum qilamiz", deyiladi xabarda.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekistondagi barcha bozorlar guruch bilan uzluksiz ta’minlangan hamda zaxiralar yetarli.
“So‘nggi 5 yilda Hindistondan O‘zbekistonga jami 232,6 tonna guruch importi amalga oshirilgan. Bu yilda Hindistondan boshqa mamlakatlarga guruch eksportining to‘xtatilishi O‘zbekistonga o‘z ta’sirini ko‘rsatmaydi”, deya qayd etilgan xabarda.
Bugungi kunda O‘zbekiston dehqon bozorlarida guruchning 1 kg narxi navidan kelib chiqib, 11 500 so‘mdan 25 000 so‘mgacha sotilmoqda (o‘tgan yil mos davriga nisbatan 35,2 % ga o‘sgan).
Bozorlarda guruch quyidagi narxlarda sotilmoqda:
“Avangard” navi 11 500 – 17 500 so‘mgacha;
“Alanga” navi 16 000 – 18 500 ming so‘mgacha;
“Lazer” navi 19 500 – 25 000 so‘mgacha.
Shuningdek, guruchning minimal narxi “Nukus dehqon bozori” va “Guliston dehqon bozori”da (“Nukus-2” va boshqa mahalliy navli guruchlar) 11 500 so‘m qayd etilgan.
Maksimal narx esa Toshkent shahrining “Farhod dehqon bozori”da 25 000 so‘mdan sotilgani kuzatildi (“Lazer” navli guruch). Shu bilan birga, ushbu bozorda guruchning minimal narxi 13 000 so‘mni tashkil etgan.
Ta’kidlanishicha, respublika sharoitida yiliga aholi jon boshiga o‘rtacha 9,8 kg.dan guruch iste’moli talab etiladi. Ya’ni mamlakat aholisini to‘liq guruch mahsulotlari bilan ta’minlash uchun 353 ming tonna guruch zaxirasi talab etiladi.
Respublika hududlarida o‘tgan yilda 105,8 ming gektar maydonlarda sholi ekilib, 516,9 ming tonna sholi yetishtirildi. Bu ko‘rsatkich guruch hisobida 310 ming tonnani tashkil etadi. Ya’ni, aholi talabiga nisbatan 43 ming tonna kam guruch ishlab chiqariladi.
“2023 yilda 53,5 ming tonna guruch importi amalga oshirilgan. Ya’ni iste’molga nisbatan 10 ming tonna ortiqcha guruch import qilingan”, deyiladi xabarda.
Jahon bozorida 2023 yil iyun holatiga o‘rtacha guruch narxi 1,93 dollar (22 364 so‘m), eng arzon narx 0,52 dollar (6025 so‘m) (Tunis), maksimal narx 4,84 dollarni (56 086 so‘m) (Serbiya) tashkil etmoqda.