Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili vakolat muddati tugashiga qaramay o‘z lavozimida qolishini aytdi. Fuqarolarga telemurojaatida u o‘zini «mamlakatdagi yagona mustaqil va qonuniy institut» deb atadi.
Zurabishvili 2024 yil oktabr saylovlaridan keyin tuzilgan parlamentning qonuniyligini tan olishdan bosh tortdi.
“Qonuniy parlament yo‘q, shuning uchun noqonuniy parlament yangi prezidentni saylay olmaydi, shuning uchun inaugurasiya ham bo‘lishi mumkin emas. Mening mandatim mening o‘rniga kimnidir qonuniy ravishda saylaydigan qonuniy saylangan parlament bo‘lgunga qadar davom etadi. Men siz bilanman va siz bilan bo‘laman", deb ta’kidladi u.
Oktyabr oyidagi saylovlar muxolifat "Rossiyaparast" deb ataydigan hukmron "Gruziya orzusi" partiyasiga ko‘pchilik o‘rinlarni olib keldi. Na muxolif partiyalar, na prezident saylov natijalarini tan olmadi.
Ayni paytda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralardan voz kechishga qarshi namoyishlar davom etmoqda. 28 noyabr kuni Bosh vazir Irakliy Kobaxidzening bayonotlaridan so‘ng Tbilisi va boshqa shaharlarda parlament oldida namoyishchilar yig‘ildi. Polisiya suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatadi, namoyishchilar esa pirotexnika vositalari bilan javob berishadi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kecha davom etgan namoyishlar davomida 150 dan ortiq odam hibsga olingan. Namoyishlar ortidan faqat «Gruziya orzusi» deputatlaridan iborat parlament prezidentlik saylovlarini 2024 yil 14 dekabrga belgiladi. Yangi davlat rahbarining inaugurasiyasi 29 dekabrga belgilangan. Hukmron partiya nomzod sifatida sobiq futbolchi Mixail Kavelashvilini ko‘rsatdi.