3 yanvar kuni ertalab Annalena Berbok Jan-Noel Barro kutilmagan tashrif Damashqqa yetib keldi. Ular Asad rejimi qulagandan keyin Suriyaga tashrif buyurgan ilk Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlaridir.
"Berbok va Barro Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati vakili Kaya Kallas nomidan Suriyaning yangi rahbarlari bilan muzokaralar olib boradi. Germaniya Suriyaga hokimiyatni inklyuziv, tinch yo‘l bilan topshirish, ijtimoiy yarashuvga erishish va mamlakatni qayta qurishda yordam berish niyatida. Bundan tashqari, Berbok Suriya fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashishni rejalashtirgan", deyiladi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
"Asadning og‘riqli hukmronligi tugadi. Suriya tarixida yangi bob boshlandi, lekin u hali yozilmadi. Yevropa va Suriya o‘rtasida yangi siyosiy munosabatlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin", — dedi Germaniya TIV rahbari tashrifdan oldin Spiegel jurnaliga bergan intervyusida
Shu bilan birga, Berbok Suriyada saylovlar o‘tkazishninh uzoq muddatga ortga surilishi yoki adliya va ta’lim tizimlarining radikallashuvi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rnatish jarayoniga putur yetkazishi mumkinligidan ogohlantirdi.
"Suriyada hokimiyat tepasiga kelgan “Hay’at Tahrir ash-Shom”ning mafkuraviy jihatdan qayerdan kelib chiqqanini va uning o‘tmishda nimalar qilganini bilamiz. Ammo barcha shubhalarga qaramay, ushbu muhim tarixiy davrda Suriya xalqini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini qo‘ldan boy bermasligimiz kerak", — deya ta’kidladi Germaniya Tashqi ishlar vaziri.