Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Suriyadagi vaziyat bo‘yicha konferensiya o‘tkazilayotgan Saudiya Arabistoni poytaxtiga yetib keldi. Berbok Suriyaga oziq-ovqat, vaqtinchalik boshpana va tibbiy yordamni o‘z ichiga olgan qo‘shimcha 50 million yevrolik insonparvarlik yordamini e’lon qildi.
Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari Damashqdan sanksiyalarning bir qismini bekor qilish tarafdori, lekin Bashar al-Assad rejimi davrida og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan emas, dedi. Berbokning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari "hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tkazilishini ta’minlash" uchun sanksiyalarni bekor qilish, shuningdek, "ijtimoiy yarashuvga bosqichma-bosqich yo‘l" olish uchun "aqlli yondashish" kerak. “Biz qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, biroq bizga dini va etnik kelib chiqishidan qat’i nazar, erkak yoki ayol bo‘lishidan qat’i nazar, barcha suriyaliklarni qamrab oluvchi aniq va inklyuziv siyosiy muloqot kerak”, — deya Berbok so‘zlarini keltirgan AFP.
Ar-Riyoddagi sammitda Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas, Turkiya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari Xakan Fidan va Devid Lammi hamda ularning sakkiz arab davlatidan hamkasblari ishtirok etmoqda.