Agentlikning falastinlik va isroillik manbalarga tayanib xabar berishicha, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qoldi. Bunga Isroil qo‘shinlarini hududdan olib chiqish borasidagi qarama-qarshiliklar sabab bo‘lgan.
"HAMAS Isroil tomonidan taqdim etilgan xaritalarni rad etdi. Bu xaritalarda Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) anklav hududining qariyb 40 foizini, jumladan strategik hududlarni nazorat ostida saqlab qolishi ko‘zda tutilgan. HAMAS isroillik askarlarni hududdan to‘liq olib chiqishni talab qilmoqda. Isroil esa xavfsizlikni ta’minlash uchun G‘azodagi harbiy ishtirokini saqlab qolishni istamoqda", deya yozmoqda Reuters.
Nashrning qayd etishicha, ushbu boshi berk vaziyat tinchlikka erishish qanchalik murakkab ekanini va har ikki tomon huquqlarini himoya qilish uchun diplomatik sa’y-harakatlar zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.