Mers qochqinlarni uchinchi mamlakatlarga yuborish ehtimolini istisno qilmadi va YEI darajasida noqonuniy migrasiyaga qarshi “qat’iy kurash” tarafdori ekanini bildirdi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers ushbu fikrni Rimda Italiya bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv chog‘ida aytdi.
"Avvalo, biz Yevropada boshpana berishni cheklovchi yangi qoidalarni tezroq joriy etmoqchimiz. Shuningdek, biz bu masalada uchinchi davlatlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirmoqchimiz", — deya ta’kidladi Fridrix Mers.
"Italiya so‘nggi oylarda, ayniqsa, bir qator O‘rta yer dengizi davlatlari bilan hamkorlikda amalga oshirgan tashabbuslar juda muvaffaqiyatli bo‘ldi. Bu ijobiy tashabbuslar bo‘lib, Berlin ularni qo‘llab-quvvatlaydi", — deya qo‘shimcha qildi kansler.
Avvalroq Italiya Albaniya bilan kelishuvga erishgan edi, unga ko‘ra O‘rta yer dengizi orqali kelayotganida qutqarilgan qochqinlar Albaniya hududidagi qabul markazlariga yuboriladi. Qochqinlar u yerda Italiya hukumati ularning arizalarini ko‘rib chiqqunga qadar qolishlari kerak. Biroq, bu lagerlar hozircha bo‘sh, chunki bir necha sud ishlari olib borilmoqda.
2024 yil oxiridan beri Lyuksemburgdagi Yevropa sudi bu kelishuv Yevroittifoq qonunlariga mosligini tekshirilmoqda.
"Italiyada qabul qilingan ayrim sud qarorlari, jumladan, Albaniya bilan hamkorlikka oid qarorlar muammolar tug‘dirganini bilamiz. Biroq, bu hali ham amaliy chora bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Bu muammoning yechimi emas, ammo uni kamaytirishga yordam berishi mumkin", – deya qo‘shimcha qildi Fridrix Mers.