Mashhur fransuz aktyori Jerar Depardye jinoyat ishlari bo‘yicha Parij sudi oldida javob beradi. U 2018 yilda hamkasbi Sharlott Arnuga nisbatan zo‘ravonlik qilganlikda ayblanmoqda. Bu haqda DW xabar berdi.
Sharlott Arnu polisiyaga 2018 yilda murojaat qilgan. O‘sha paytda aktrisa 22 yoshda bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Depardye Parijdagi uyida ikki marta uni zo‘rlagan. Shuningdek, Depardye Arnuning otasining do‘sti ekani aytilgan. Tergov uzoq yillarga cho‘zilib, ish faqat yetti yildan keyin sudga yetdi.
2020 yilda Arnu yana bir bor shikoyat qilgandan so‘ng aktyor rasman tergovga olingan. 2024 yilda prokuratura ishni sudga yuborishni talab qildi.
Depardye o‘z aybini rad etib, aktrisa bilan munosabati o‘zaro rozilikka asoslanganini aytmoqda. Biroq prokuror “ayblovni tasdiqlaydigan jiddiy dalillar bor”, deya ta’kidladi. Agar sud uni aybdor deb topsa, aktyor 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Bu Depardyega qo‘yilgan ilk ayblov emas. 2025 yil may oyida Parij sudi uni boshqa ish bo‘yicha – 2021 yilda film suratga olish maydonida ikki ayolga tegajonlik qilgani uchun aybdor deb topib, 18 oy shartli jazo tayinlagan. Shuningdek, uni jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslar ro‘yxatiga kiritish va psixologga murojaat qilish majburiyati yuklatilgan.