Bugun 20 noyabr, 2026 yil, juma

КИР

Fitr sadaqasining miqdori haqida

A A A
Fitr sadaqasining miqdori haqida

Fitr sadaqasi asliy va zaruriy ehtiyojlaridan ortgan moli nisobga yetgan har bir ozod musulmonga vojib bo‘ladi. Imom Shofe’iyga ko‘ra fitr sadaqasini ado etish farzdir. U kishi fitr sadaqasi haqida vorid bo‘lgan hadisi sharifdagi "faraza Rasulullohi sollallohu alayhi va sallama zakaata-l-fitri..." (Rasululloh sollallohu alayhi va sallam fitr zakotini farz qildilar, belgiladilar) so‘zining zohiriga ko‘ra shunday deganlar. Biroq, Imom Shofe’iyning fitr sadaqasi hukmi borasidagi "farz!" degan so‘zlari bu o‘rinda hanafiy mazhabimizdagi "vojib" so‘ziga muqobil keladi. Zero, shofe’iylarga ko‘ra ham fitr sadaqasini inkor qilgan kishi kofirga hukm qilinmaydi. Chunki, mazkur moliy ibodat zanniy dalil orqali sobit bo‘lgan. Ulamolarimiz, hadisi sharifda kelgan "faraza" so‘zini "miqdorini belgilash" ma’nosida ta’vil qiladilar. Boshqa bir ta’vilga ko‘ra, esa "faraza" so‘zi "farz qildi" ma’nosida bo‘lsa ham u mazkur so‘zni Nabiy alayhissalomdan bevosita eshitgan kishilar haqqida farzdir. Chunki, u odam uchun bu hadis qat’iy bilim va dalolatni taqozo etadi. Ammo, boshqalar haqqida zanniyligicha qoladi.

Fitr sadaqasi qudrati mumakkina (imkon yaratuvchi qodirlik) orqali sobit bo‘ladi. Ya’ni, asliy hojatlaridan ortgan moli nisobga yetgan bo‘lsa, uning haqqida bu moliyaviy ibodat vojibga aylanadi va to ado etguncha moliga talafot yetsa ham mazkur vojiblik soqit bo‘lmaydi. Zakot kabi orada bir qamariy yil o‘tsa ham kamaymay turishi shart qilinmaydi. Chunki, zakot qudrati muyassira, ya’ni mazkur amalni osonlashtiruvchi, oson qiluvchi qodirlik orqali farz bo‘ladi.

Fitr sadaqasining miqdori jon boshidan yarim so’ bug‘doy va uning mahsulotlaridan masalan, un, talqon va hokazodan yarim so’ miqdorda chiqariladi. Ammo, arpa, xurmo (tamr) va mayizdan bir so’ miqdorida chiqariladi.

Aslida hadisi shariflarda yarim so’ degan miqdor ishlatilmagan. Lekin, Nabiy alayhissalom davrlarida Madinada bug‘doy ko‘p emasdi. Odamlarning yemishi asosan arpa va yuqorida zikr etilgan yegulik turlaridan edi.

Ammo, Muoviya raziyallohu anhu davriga kelib, Islom o‘lkalarida bug‘doy ko‘payib ketgach, sahobalar bug‘doyning yarim so’ miqdori arpaning bir so’iga to‘g‘ri keladi, degan to‘xtamga keladilar. Va buni Muoviya raziyallohu anhu tasdiqlaydi. Shu tariqa bug‘doy va uning mahsulotlaridan beriladigan fitr sadaqasi miqdori yarim so’ miqdorida qilib belgilanadi. Bu sahobalarning ijmo’si bo‘lganligidan e’tiborli hukmga aylandi.

So’ bu qadimda oziq-ovqat miqdorini o‘lchash uchun ishlatilgan idish bo‘lib, fiqhiy mazhablar uning kilogrammdagi o‘lchovini belgilashda turli xil yo‘l tutganlar.

Qadimda o‘lchov birliklari o‘ta murakkab va noqulay bo‘lgan. Kilogramm tizimi kabi oson va qulay bo‘lmagan. Turli xil idishlar yasab, ularning har biriga nom berib, ishlatganlar. Ulardagi yagona qulaylik shu bo‘lganki, katta o‘lchov birligi o‘zidan kichikroq o‘lchov birligi bo‘lgan idishning aniq bir juft sonidan iborat bo‘lgan. Masalan, bir so’ to‘rt mudd, bir mudd esa ikki ratl va hokazo.

Ammo, ulardagi yana bir noqulaylik, mazkur o‘lchov birliklari nomi bir bo‘lsa ham, turli joylarda hajmi turlicha bo‘lgan. Aynan shuning uchun ham ularning kilogram tizimidagi miqdorini belgilashda mazhablar o‘rtasida tafovut yuzaga kelgan.

Xullas kalom, so’ni zamonaviy o‘lchov birliklariga naql qilishda hanafiy mazhabining o‘lchovi eng yuqori o‘lchov hisoblanadi. Unga ko‘ra, bir so’ to‘rt mudddan iborat. To‘rt mudd esa sakkiz ratl.

Hanafiy mazhabimizga ko‘ra, bir mudd 1072 grammdan iborat. Shunga binoan so’ning hanafiy mazhabidagi miqdori quyidagicha bo‘ladi: 4 mudd x 1072 gr = 4288 gramm. Demak, bir so’ning miqdori 4 kilogramm 288 grammni tashkil etadi.

Yarim so’ esa 2 kilogramm 144 grammdan iborat. Fitr sadaqasining bug‘doy va uning mahsulotidan beriladigan miqdori shuncha. Ammo, shayx AbdulHamid Mahmud Tahmozning "Al-fiqh al-hanafiy fiy savbihil jadid" kitobida yarim so’ taxminan ikki kilogramu 250 gram miqdorida belgilangan. Bunda esa yuqoridagi miqdordan taxminan 100 gramm farq qilyapti.

Demak, bug‘doy va undan fitr sadaqa ajratmoqchi bo‘lganlar yuqoridagi miqdordan kelib chiqishlari kerak.

Ammo, xurmo, mayiz, pishloq, arpa kabi narsalardan esa tom bir so’ miqdorida fitr zakoti chiqariladi. Mazkur narsalardan jon boshidan 4 kilogramu 288 gramm miqdorida berish kerak.

Fitr sadaqasini mazhabimizda yuqoridagi mahsulotlarning bozordagi qiymati bo‘yicha ham berish joiz. Bugungi kunda hatto bu afzal hamdir. Chunki, zamonamizga kelib, boylik va faqirlik tushunchasi ham juda o‘zgarib ketdi. Odamlar qadimda bug‘doylari bo‘lsa, qo‘lbola tegirmonlarida yanchib, non qilib kunlarini o‘tkazaverganlar. Hayot oson va sodda bo‘lgan. Hozir esa nafaqat taomlanish va qorin to‘yishi, balki, umuman ko‘p narsa uchun pul birlamchi o‘rinni egallagan davrda yashayapmiz. Inson faqir va muhtoj bo‘lishi ammo uyida yeydigan narsasi yetarli bo‘lishi mumkin.

Faqihlarimiz ham shu narsani hisobga olib, osonchilik va kengchilik paytida fitr sadaqasining qiymatini bergan afzal, ocharchilik va qahatchilik davrida esa yegulikda bergan afzal deyganlar.

Shunga ko‘ra, bugungi kunda fitr sadaqasining qiymati berilishi afzalroq. Chunki, shunda e’tiyojmand kishi qo‘liga tushgan pulni o‘zi bilib, o‘zi eng zaruriy deb hisoblagan ehtiyojiga sarflaydi.

Yuqorida fitr sadaqasi beriladigan yeguliklar borasida hadisi shariflar va sahobalardan naql etilgan narsalar tilga olindi. U ham bo‘lsa, bug‘doy, arpa, xurmo, mayiz va pishloqdir. Mana shu narsalar musulmon o‘lkalarda qadimda asosiy yemak turi bo‘lgan. Ammo, hozir asosiy yemak turlari, ro‘zg‘or mahsulotlarining turi juda ko‘payib ketdi. Misol uchun, bugun uyga ro‘zg‘or qilsangiz, un, non, yog‘, makaron, guruch, mosh, tuxum va boshqa narsalardan xarid qilasiz. Xo‘sh, shu narslardan fitr sadaqasi bersa bo‘ladimi(?), agar bo‘lsa, miqdori qancha bo‘ladi(?), degan haqli va o‘rinli savol tug‘iladi. Bunga javob shuki, nass bilan sobit bo‘lmagan ya’ni, hadislarda tilga olinmagan yegulik turlaridan hukman bersa bo‘ladi. Ya’ni, ularning o‘zi emas, balki, qiymati berilishi mumkin. Masalan, makkajo‘xori, guruch, mosh, non mahsulotlari kabi narsalardan fitr sadqa chiqarmoqchi bo‘lsa, ularning miqdorini pulga chaqib beradi.

Fitr sadaqasining eng oz miqdordagisidan berish joiz. Ya’ni, 2 kilogram 144 gram bug‘doyning qiymati nazarda tuilmoqda. Ammo, imkon bo‘lsa, xurmo, mayiz va pishloqning bir so’ miqdorini pulga o‘girib bersalar, nur ustiga nur bo‘ladi.

Alisher SULTONXO‘JAYEV

azon.uzdan olindi

Kiritildi: 10:33 08.06.2018. O'qildi: 2501 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik