Bugun 18 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Fir’avnni iloh bilmagan cho‘ri...

Fir’avnni iloh bilmagan cho‘ri...

Imom Ahmad rahimahulloh o‘zlarining "Musnad" larida keltiradilar:

"Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar:

"Isro kechasida menga bir xushbo‘y hid keldi. Men dedim:

- Ey Jabroil! Bu nimaning hidi?

Jabroil dedi:

- Bu Fir’avnning qiz va o‘g‘illarining cho‘risining hidi.

Men dedim:

- Unga nima bo‘lgan?

Jabroil dedi:

- Bir kuni u Fir’avnning qizini sochini tarayotgan edi. Taroq yerga tushib ketdi. U taroqni "Allohning nomi bilan" deb yerdan oldi. Fir’avnning qizi: "Otamnimi?", dedi. Cho‘ri: "Yo‘q! Mening ham, otangning ham Robbi Allohdir", dedi. Fir’avnning qizi: "Otamga aytaman", dedi. Cho‘ri: "Aytaver", dedi.

Fir’avnning qizi voqeani otasiga aytdi. Fir’avn cho‘rini chaqirtirib so‘radi:

- Ey falonchi! Sening mendan boshqa Robbing bormi?

Cho‘ri:

- Ha, mening ham , sening ham Robbimiz Alloh.

Fir’avn misdan bo‘lgan bir qazon keltirib uni qizdirib cho‘rini ham, bolalarini ham qozonga tashlashni amr qildi, dedi.

Cho‘ri dedi:

- Sendan bir iltimosim bor edi.

Fir’avn:

- So‘ra! - dedi.

Cho‘ri:

- Men bilan farzandlarimning suyaklarini bitta kafanga solib dafn qilishni buyursang, dedi.

Fir’avn:

- Bu sening bizning gardanimizdagi haqing bo‘ladi, dedi.

Cho‘rining ko‘z o‘ngida uning bolalarini bir-bir qozonga tashlashdi. Navbat qo‘lidagi emizikli bolaga yetganida chaqaloq tufayli cho‘ri o‘zini ortga tortdi. Shunda chaqaloq gapirdi:

" Ey onajon! Qo‘rqmay qozonga tushavering. Dunyo azobi oxirat azobidan yengilroqdir!".

Birinchi dars:

Go‘dakligida gapirganlar bir nechta rivoyatlarda kelgan. Imom Muslim rahimahulloh ularni uchta deganlar:

1. Iyso alayhis salom.

2. Jurayj voqeasidagi cho‘ponning o‘g‘li.

3. Fir’avnning cho‘risining o‘g‘li.

Imom Ahmad rahimahullohning rivoyati yana bitta bolani bularga qo‘shadi.

Yusuf alayhis salomning pokiza ekanliklariga guvohlik bergan bola. Bu garchi isroiliyyotda kelgan bo‘lsada shariatimizda buni rad qiladigan narsa yo‘q.

Nabiyyimiz sallollohu alayhi va sallam aytadilar:

"Bani Isroildan gapiraveringlar, haraj yo‘qdir".

Yana imom Muslim rahimahullohning rivoyatlarida kelgan Uxdud voqeasidagi bola. Ana shu bilan oltita bo‘ladi.

Ikkinchi dars:

E’tiqodni oshkor qilish agar kishining o‘limiga olib borsa uni yashirish mumkin. Alloh taolo Fi’avnning oilasidan bo‘lgan, o‘z iymonini yashirib yurgan kishini maqtaydi:

"Fir’avn ahlidan bo‘lgan , iymonini berkitib yuradigan bir mo‘’min kishi: "Bir odamni "Alloh Robbimdir" degani uchun o‘ldirasizlarmi?! , dedi.

Iymonni yashirish u uchun bir necha vajhga ko‘ra foydali edi:

Birinchidan u o‘z hayotini muhofaza qildi. O‘z xotinini iymoni uchun qatl qilgan Fir’avn Muso alayhis salomga iymon keltirgan yaqinlarini tek qo‘yarmidi?!

Ikkinchidan qasrga yaqin yurgan kishi qasrda bo‘layotgan voqealarni, Fir’avn qanaqa rejalar qilayotganini chetdagilardan yaxshiroq bilar edi. "Qasrdagi josus dushman ro‘parasidagi qilichdan afzal " degan gap bor.

Uchinchidan iymonni oshkor qilish faqat o‘ziga manfaat keltiradi. Agar o‘ldirilsa Osiyo yoki yuqoridagi cho‘ri kabi shahidlar qatoriga qo‘shiladi. Yakka shaxslar najotidan da’vatning najoti va muvaffaqiyati oldinda turadi.

Osiyo iymonini oshkor qilib o‘ylamay ish qilgan demaymiz.

Haligi cho‘rini ham kaltafahm demaymiz.

Shahidlar sayyidi imom Hamza ibn Abdulmuttolibdir. Yana zolim podshohni yaxshilikka amr qilgan, yomonlikdan qaytargan hamda unga haqni aytgan va nihoyat podshoh uni haqni gapirgani uchun o‘ldirgan kimsalar shahidi a’lodir.

E’tibor bering, o‘sha davr urfida kishilar cho‘riga juda past nazar ila qarashgan. Fir’avn esa ular nazdida hokim, ibodat qilinadigan ma’bud.

Ana shu oddiygina cho‘ri uning siyosiy va diniy hokimiyatiga qarshi chiqayapdi. Allohga qasam, bunaqangi jur’atni tarix deyarli ko‘rmagan.

Uchinchi dars:

Agar iymon qalbda mustahkam o‘rnashsa go‘sht va qondan iborat insonni mustahkam toqqa aylantiradi. U egilmaydi, yumshamaydi.

Osiyo metin irodali ayol. Uni qo‘l-oyoqlariga qoziqlar qoqishdi, arralashdi, maydalashdi, u sabr qildi.

Qahramonimiz oddiygina cho‘ri yuqoridagi azoblarga sabr qildi.

Bilol roziyollohu anhuni Makkaning olovli qumlari yoki Umayya ibn Xalaf u zotning ko‘ksilariga qo‘ygan katta xarsanglar ega olmadi. Muso alayhis salom bilan kurashgani kelgan sehrgarlar iymon keltirishdi. Fir’avn ularning qo‘l va oyoqlarini kesdi. Ular esa Fir’avnga: "Sen faqat shu dunyodagina hukm qila olasan" deyishdi.

Imom Buxoriy "sahih"larida keladi:

"Sizlardan ilgarigilarni ushlashib yerni kovlashar, ularni beligacha ko‘mib boshlaridan arra qo‘yib arralashar , uni ikkiga bo‘lib temir taroqlar bilan go‘shtini suyakdan ajratishar edi. Bu ish uni Allohning dinidan to‘sa olmas edi".

Agar Alloh taolo jannatga boradigan yo‘lingni tekis va ravon qilib qo‘ysa bu Uning fazlidandir. Ehtimol U sening baloga sabr qila olmasligingni bilib uni sendan ko‘targandir.

Agar aksi bo‘lsa sabotli bo‘l. Fir’avnning sehrgarlari kabi zolimning yuziga "sen faqat shu dunyodagina hukm qila olasan" degin.

To‘rtinchi dars:

Bir kishi sadaqa qilsa, bu kishi pulni yomon ko‘radi degani emas.

Bir qiz hijob o‘rasa, bu u qizning bezanish va modani yoqtirmaydi degani emas.

Urush maydoniga ketayotgan kishi hayotni sevmaydi degan gap yo‘q.

Farzandlarini qozonga tashlanishiga indamay qarab turgan cho‘ri onalik mehridan mosivo emas.

Bular Allohning huzuridagi narsa yaxshiroq va boqiyroq deb ishonishdi.

Cho‘rining o‘limi oldidan birgina so‘ragan narsasi o‘zi va farzandlarining suyaklarini bitta kafanga o‘rab ko‘mishlari bo‘ldi. Bu ONALIK!

Beshinchi dars:

Tog‘utlar asrlar o‘tsada tog‘utdir. Ismlar va uslublar o‘zgaradi, fikrat o‘sha.

Bugunning Fir’avni o‘ldiradi va osadi.

Namrudi esa olovga otadi.

Umayya va Abu Jahl azob beradi.

Unisi mo‘’minning molini oladi. Bunisi yerini oladi. Yana biri obro‘siga tajovuz qiladi. To‘rtinchisi uyini buzadi. Boshqasi bolasini o‘ldiradi.

Zulm davom etadi...

A.Polvonov

Manba: azon.uz

Kiritildi: 21:24 24.02.2020. O'qildi: 5374 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!