Bugun 17 dekabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Fermerlarga ortiqcha hisoblangan elektr to‘lovlari qaytarildi

Fermerlarga ortiqcha hisoblangan elektr to‘lovlari qaytarildi

Vakil devoni tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan tizimli muammolarni aniqlab, bartaraf etish bo‘yicha hududlarda o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida fermer xo‘jaliklari tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun qo‘shimcha reaktiv energiya to‘lovlari noto‘g‘ri hisoblanishi va undirilishi holatlari aniqlandi.

Misol uchun, Nukus tumani energosavdo bo‘limi tomonidan tumandagi «Mang‘it qipshaq» fermer xo‘jaligiga tegishli suv nasosiga 2024 yil uchun 4,8 mln so‘m miqdorida reaktiv energiya to‘lovlari hisoblangan. Bu birgina holat emas, balki tizimli muammo ekanligi aniqlandi. Tuman energosavdo bo‘limlari tomonidan 2024 yilda jami 241 ta fermer xo‘jaligiga 197 mln so‘m kompensasiya hisoblanib, uning 101 mln so‘mi 121 ta fermer xo‘jaligidan undirilgan. 2025 yilda esa 140 ta fermer xo‘jaligiga nisbatan 89 mln so‘m kompensasiya hisoblanib, 53 mln so‘mi 62 ta fermer xo‘jaligi tomonidan to‘langan. Demak, ikki yil davomida jami 381 ta fermer xo‘jaligiga qariyb 287 million so‘mlik reaktiv energiya kompensasiyasi hisoblanib, uning 155 mln so‘mdan ortig‘i asossiz undirilgan.

Vakil devoni tomonidan mazkur holat o‘rganilib, energosavdo bo‘limlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 31.05.2024 yildagi 319-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” talablari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi. Mazkur Qoidalarning 146-bandi reaktiv energiya kompensasiyasi uchun chegirmalar (ustamalar) ruxsat etilgan quvvati 50 kVt va undan ortiq bo‘lgan I va II tarif guruhlari iste’molchilariga nisbatan amalga oshirilishini belgilaydi. Biroq, ushbu bandda fermer xo‘jaliklari va suv iste’molchilari uyushmalarining nasos stansiyalari bu tartibdan istisno etilishi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Qolaversa, Qoidalarning 148-bandiga muvofiq, fermer xo‘jaliklarining nasos stansiyalari iste’mol qilgan reaktiv energiya hisobotlarda ko‘rsatiladi, lekin mablag‘ ko‘rinishida hisoblanmasligi va to‘lovlar undirilmasligi belgilangan. Demak, fermer xo‘jaliklarining nasos stansiyalaridan reaktiv energiya uchun pul undirish qonunga xilof bo‘lgan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha Biznes-ombudsman devoni tomonidan Energosavdo filiali Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limiga taqdimnoma kiritildi. Natijada, fermer xo‘jaliklariga noto‘g‘ri hisoblangan reaktiv energiya kompensasiyasi qarzdorlik hisobidan chiqarildi. Eng muhimi, noqonuniy ravishda undirilgan pul mablag‘lari fermer xo‘jaliklari bilan qayta hisob-kitob qilinib, to‘liq qaytarilishi ta’minlandi. Shuningdek, mazkur xatolikka yo‘l qo‘ygan mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Kiritildi: 14:26 16.12.2025. O'qildi: 228 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!