Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 fevral kuni qishloq xo‘jaligida yangi yerlarni o‘zlashtirish va sohada ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi besh yilda 826,5 ming gektar yer qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritilgan. 2030 yilgacha esa yana 938 ming gektar yaylov yerlarni o‘zlashtirish va holatini yaxshilash rejalashtirilmoqda.
Xususan, 2026–2027 yillarda 620 ming gektar yaylov tiklanishi, shundan 300 ming gektariga yaylov o‘simliklari ekilishi, 130 ming gektarida esa sug‘orish quduqlari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bu orqali qariyb 1 million bosh mayda shoxli mol boqish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligida ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya va 2,5 mingdan ortiq olimni o‘z ichiga olgan yagona Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashkil etilishi kutilmoqda.
Kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Fermerlar va ularning ishchilari farzandlarini oliy ta’limga jalb qilish bo‘yicha qator imtiyozlar taklif etildi. Jumladan, test sinovlarida to‘plagan ballari qabul parametrlariga yetmagan taqdirda ham, ularni kamaytirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, yettita ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish davomiyligini 4 yildan 3 yilga qisqartirish taklif etildi.