Immigrasiya xizmati agentlari harakatlari sabab AQShning Minneapolis shahriga shtat Milliy gvardiyasi yo‘naltirilmoqda, shaharda immigrasiya xizmatlari ikki odamni o‘ldirgani uchun namoyishlar avj olgan — The Insider.
Minneapolis shahri joylashgan Minnesota shtati gubernatori Tim Uols bu haqdagi qaror o‘tgan haftadayoq qabul qilinganini aytdi. Uning aytishicha, vaziyat yomonlashgan taqdirda tezroq javob qaytarish imkoniga ega bo‘lish uchun gvardiya bo‘linmalari shtat ixtiyorida xizmat qilish rejimiga o‘tkazilgan.
Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, milliy gvardiyani joylashtirish Hennepin okrugi sherifi idorasi, Shtat patruli va boshqa idoralar bilan muvofiqlashgan holda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Uols Minneapolisga immigrasiya operasiyalarini o‘tkazish uchun kelgan federal agentlar harakatlarini keskin tanqid qildi. U 37 yoshli AQSh fuqarosi va veteranlar shifoxonasida ishlagan tibbiy xodim Aleks Prettining o‘limiga olib kelgan otishma videosini ko‘rganini aytdi va AQSh Ichki xavfsizlik vazirligining “marhum qurolli qarshilik ko‘rsatgani” haqidagi rasmiy versiyani “bema’nilik” deb atadi.
"Federal kuchlar Minnesotada insonlarni o‘ldirib, tartibsizlik keltirib chiqarmoqda. Shuningdek, ular namoyishchilarni keskin usullar bilan tarqatdi, aholiga nisbatan ko‘zni yoshlantiruvchi gazni ayovsiz qo‘lladi va keyin voqea joyini tark etdi, oqibatda esa yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish shtat va shahar hokimiyatlari zimmasiga tushmoqda", — deya norozilik bildirdi Uols.