AQSh Federal tergov byurosi (FBR) xodimlari Gresiyadagi sobiq Amerika elchisi Kimberli Gilfoylga nisbatan bildirilgan ayblovlarni tekshirish uchun Afina shahriga yetib bordi.
Gresiyaning SKAI telekanali xabar berishicha, FBR vakillari o‘tgan haftadan buyon mamlakat poytaxtida faoliyat olib bormoqda.
Jumladan, tergov sobiq elchining yaqin doirasiga kirgan lobbichi Xristos Marafasosning rolini, shuningdek, uning Gresiyaning Aktor qurilish-energetika guruhi bilan aloqalari va ehtimoliy kelishuvlarini o‘rganishga qaratilgan. FBR xodimlarining Gresiyadagi ishi qachon yakunlanishi hozircha ma’lum emas.
Gilfoylning nomi AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati faoliyati bo‘yicha Kongressdagi demokratlar o‘tkazishni rejalashtirayotgan tergov doirasida ham tilga olinmoqda.
Kongress a’zosi Robert Garsiya sobiq elchiga maktub yo‘llab, xizmat mavqeidan moliyaviy yoki boshqa manfaatlar olish maqsadida foydalangan bo‘lishi mumkinligiga oid barcha hujjatlarni saqlab qolishni talab qilgan.
Maktubda keltirilishicha, Gilfoyl nomzodi Senat tomonidan tasdiqlanishidan oldin Respublikachilar partiyasining donorlaridan biridan 100 ming dollar so‘ragan. Bu mablag‘ evaziga u Tramp ma’muriyatining yuqori lavozimli vakillari bilan uchrashish imkoniyatini taqdim etishni, keyinchalik esa bu summa 1 million dollargacha yetishi mumkinligini va’da qilgan bo‘lishi ehtimoli aytilgan.
Bundan tashqari, demokratlar Gilfoyl yaqin aloqada bo‘lgan ikki nafar grek tadbirkori tomonidan uning safarlari moliyalashtirilgani haqidagi ma’lumotlarni ham tekshirish niyatida.
Kongress a’zolari tergovida sobiq elchining Aktor guruhi manfaatlarini himoya qilgan lobbichi bilan hamkorligi haqidagi xabarlar ham o‘rganilishi mumkin.
Maktubda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Gilfoyl ushbu kompaniyaga infratuzilma loyihalarini topshirish maqsadida Bolqon mamlakatlari hukumatlariga bir necha bor bosim o‘tkazgan bo‘lishi mumkin.