Kecha Xalq ta’limi vazirligi huzurida yangi tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida ishtirok etdim. Yig‘ilishda Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bir qatorda bugungi kunda sohada mavjud muammolarga to‘xtalib, ularni yechimi yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan maktablarda ta’lim sifatini oshirish, yangi o‘quv o‘rinlarini yaratish, tizimda korrupsiya va nepotizm holatlarini keskin kamaytirish hamda darsliklar va o‘quv dasturlari sifatini yahshilash borasida bir qator takliflar ilgari surildi.
Menimcha, ta’lim sohasidagi eng asosiy muammo bu davlat maktablarida o‘quv o‘rinlari sig‘imlarining yetishmasligi. Statistikaga ko‘ra, hozirda maktablarimiz sig‘imidan ortiq o‘quvchilar soni 1,2 milliontaga yetgan. Natijada ko‘plab maktablarimizda darslar ikki, xatto uch smenada tashkil qilingan, bolalar esa o‘quvchilar soni 35-40 taga yetgan sinflarda o‘qishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan ularning sifatli ta’lim olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Garchi yildan yilga yangi qurilayotgan maktablar soni ortayotgan (2022 yilda 40 ta yangi maktab qurilishi belgilangan) va Taraqqiyot strategiyasiga asosan 2026 yil yakuniga qadar maktablar sig‘imini 6,4 milliontagacha yetkazish rejalashtirilgan bo‘lsada, lekin oshib borayotgan aholi soni hisobiga qurilayotgan yangi maktablar o‘quv o‘rinlari hamda o‘quvchilar soni orasidagi farqni saqlab turish uchun ham yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Kuni kecha Prezident farmoni bilan tasdiqlangan Taraqqiyot Strategiyasi va uni amalga oshirishga oid Davlat dasturida esa aynan yuqoridagi muammoga eng samarali yechimlardan biri, ya’ni ta’lim sohasida xususiy maktablar sonini oshirishni rag‘batlantirish nazarda tutilgan. Farmonga asosan, 2022 yil 1 apreldan boshlab nodavlat maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 mln. so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etilishi belgilanmoqda. Bu mamlakatda ta’lim sohasida xususiy sektorni rivojlanishi va xususiy ta’limga bo‘lgan talabni ortishiga katta ijobiy turtki bo‘ladi. Chunki:
Birinchidan, fuqarolar to‘laydigan soliqlarni katta qismi byudjet orqali ta’limga yo‘naltirilishini inobatga olinsa, soliqdan tushadigan mablag‘larni davlatdan ko‘ra fuqarolar qo‘lida qoldirilishi bu mablag‘larni ta’lim uchun maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlaydi.
Ikkinchidan, hozir hududlarda ta’lim sifati va sharoiti qoniqarli xususiy maktablar narxi o‘rtacha 700 mingdan 1.5mln so‘mgachani (poytaxtda bundan 2 barobargacha qimmat ) tashkil etadi. Ya’ni bolani xususiy maktabga yuborish xarajatini 25-50 foizini soliqlardan tejalgan 360 ming so‘m (3mln x 12%) hisobiga qoplash mumkinligini anglatadi. Bu bir tomondan hozirda farzandi xususiy maktabda ta’lim olayotgan oilalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlasa, ikkinchi tomondan farzandi xususiy maktabga bormaydigan ota-onalarni endilikda xususiy maktabga yuborishga rag‘batlantiradi.
Uchinchidan, farzandi xususiy maktablarda ta’lim olishni istaydigan oilalar soni oshishi tabiiyki xususiy maktablarga bo‘lgan talabni oshiradi. Talab oshgan joyda esa o‘z navbatida taklif ham oshadi. Xuddi maktabgacha ta’lim sohasida kabi qisqa muddatlarda tadbirkorlar tomonidan ochilgan xususiy maktablar soni ortib, xususiy sektor ulushi hozirgi 1% lik achinarli ko‘rsatkichdan sezilarli darajada oshishiga imkoniyat yaratiladi.
To‘rtinchidan, xususiy maktablar ko‘payishi o‘z navbatida ta’lim sohasida raqobat muhitini yaratadi, farzandlarimizga taklif etilayotgan ta’lim sifatini oshiradi. Qolaversa, bu raqobat yaxshi o‘qituvchilarga bo‘lgan talabni oshishiga, ularning maoshi va ijtimoiy mavqei ortishiga sabab bo‘ladi.
Beshinchidan va eng asosiysi, ta’lim sohasida xususiy sektorning ulushi ortishi hamda nisbatan yuqori daromad va moliyaviy imkoniyatga ega oilalarning farzandlari xususiy maktabga borishi davlat maktablariga bo‘lgan bosimni kamaytirib, eng qisqa muddatlarda o‘quv o‘rinlariga nisbatan o‘quvchilar soni mutanosib bo‘lishiga erishishga imkoniyat yaratadi, deb o‘ylayman.