Bugun 13 iyun, 2025 yil, juma

КИР

Farqi bor: tovlamachilik va firibgarlik

A A A
Farqi bor: tovlamachilik va firibgarlik

Bu ikki huquqbuzarlik bir-biriga sirtdan o‘xshab ketadi. Ammo ular alohida jinoyat bo‘lib, o‘zining tarkibi, xususiyatlari va ijtimoiy xavfliligi bilan bir-biridan farq qiladi.

Tovlamachilik
Tovlamachilik deganda shaxsni turli xil yo‘llar bilan qo‘rqitib, uning mulkini, mulkiy huquqlarni topshirishni yoki mulkiy tusdagi xatti-harakatni amalga oshirishni talab qilishi tushuniladi. Tovlamachilikni sodir etishda qo‘rqitish turli usullarda amalga oshirilishi mumkin, masalan:

  • zo‘rlik ishlatish bilan (urish, do‘pposlash, tan jarohati yetkazish tahdidi) qo‘rqitib;
  • mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish bilan qo‘rqitib;
  • shaxs uchun sir saqlanishi kerak bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib (sodir etgan aybli qilmishni ommaga yetkazish, ayolni uning eriga behayo suratlarini ko‘rsatish bilan tahdid qilish)

Bunda qo‘rqitish real bo‘lishi kerak. Ya’ni agar jabrlanuvchi tovlamachining talabini bajarmasa, haqiqatan xavf kelib chiqish ehtimoli bo‘lishi zarur.

Nafaqat talab qilish, balki jabrlanuvchini o‘z mulkiy qimmatliklarni olib kelib beradigan holatga solib qo‘yish ham tovlamachilik hisoblanadi.

Tovlamachilikda jabrlanuvchi tomonidan mulk yoki mulkiy huquqlar topshirilishi shart emas. Tovlamachi tomonidan mulkni topshirishni talab qilinishining o‘zi jinoyat tugallanganini anglatadi.

Firibgarlik
Aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki uning mulkka bo‘lgan huquqini qo‘lga kiritish firibgarlik hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, firibgarlikda firibgar o‘zganing mol-mulkini tekinga egallash uchun yolg‘on ishlatadi, aldaydi, ikkinchi tomonning ishonchini poymol qiladi. Bunda sirtdan qaraganda jabrlanuvchi firibgarga o‘z mulkini “ixtiyoriy ravishda” topshirayotganga o‘xshaydi. Chunki jabrlanuvchi aldanadi, u firibgarni yolg‘on ishlatayotganini sezmaydi. Shuning uchun o‘z mulkini yoki mulkiy huquqlarini tazyiqsiz, qo‘rqitishsiz, o‘z xohishiga ko‘ra topshiradi. Masalan, mahsulot oldi-sotdisida sotuvchi mahsulotni xaridorga topshiradi, xaridor tomonidan esa sotuvchiga qalbaki pullar taqdim etiladi. Ushbu holatda firibgarlik sodir etilganini ko‘rishimiz mumkin. E’tibor bering, bu yerda sotuvchini o‘z mulkini berishga hech kim majbur etgani yo‘q, go‘yoki u “o‘z xohishiga ko‘ra” mulkini firibgarga topshirgandek ko‘rinadi. Lekin aslida unday emas. Sotuvchi mahsulotni tekinga berib yuborish istagida bo‘lmagan, pul evaziga xaridorga topshirgan (berilgan pulni haqiqiy deb o‘ylagan). Pul esa haqiqiy emas bo‘lib chiqadi, bu degani sotuvchining talabi qondirilmasdan uning mulkka bo‘lgan huquqiga putur yetkazilganligini ko‘rsatmoqda.

Farq nimada?
Bu ikki huquqbuzarlik bir biridan, asosan, qilmishning sodir etish usuli bilan farqlanadi. Tovlamachilikda jinoyatning sodir etish usuli qo‘rqitish hisoblanadi, firibgarlikda unday emas. Firibgarlikda jabrlanuvchi o‘z mulkini majburlikdan boshqa shaxsga topshirmaydi, o‘zi xohlab topshiradi. Jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazilmaydi. Tovlamachilikning ijtimoiy xavfliligi firibgarlikdan yuqori. Firibgarlik ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirsa, tovlamachilik uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlardandir.

Javobgarlik qanday?
Tovlamachilik uchun, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanilishi mumkin.

Firibgarlik uchun esa, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilangan.

Kiritildi: 19:23 21.06.2023. O'qildi: 2400 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!