Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Farg‘onadagi bog‘chada nimalar bo‘lyapti?

A A A
Farg‘onadagi bog‘chada nimalar bo‘lyapti?

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 23-maktabgacha ta’lim muassasasida bolalar sovuq xonalarda qalin kiyimda uxlayotgani, bu yerda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘ngildagidek emasligi haqida xabar tarqaldi.
 
Farg‘ona viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi vaziyatni o‘rganib, unga oydinlik kiritdi.
 
Mahallalar va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tomonidan oktyabr oyida tumanda o‘rganishlar olib borilgan. Yangiarab qishlog‘idagi mazkur muassasada ham isitish tizimini yangilash masalasida muammo mavjudligi aniqlanib, uni amaliy hal etish tadbirlari ko‘rilgan. Buning uchun zarur mablag‘ ajratilib, isitish tizimi talabga javob bermagani sababli, zamonaviy isitish qozonlari o‘rnatish belgilangan. Muassasaga 4 ta isitish qozoni sotib olish va issiqlik tizimini ta’mirlab, o‘rnatib berish uchun 2018 yil 31 oktyabr kuni “Behro‘z” firmasi bilan shartnoma tuzilgan. Hozirda bu yerda barcha ishlar nihoyasiga yetkazilmoqda, qozonxonalar tomi to‘liq yopilgan.
Muxbir maktabgacha ta’lim muassasasiga kelganida isitish tizimi yangilanayotganini inobatga olmagan. Hali isitish davri boshlanmasdan turib, bolalar go‘yo sovuqda qalin ust–bosh bilan uxlayapti, degan vajni keltirgan. Xo‘sh, bu bilan u maktabgacha ta’lim maskanlarida amalga oshirilayotgan ko‘plab xayrli ishlarni yo‘qqa chiqarmoqchi bo‘ldimi? Bir tomonlama yozilgan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bu xabarni tarqatish kimga va nimaga kerak bo‘lib qoldi? Vaholanki, 1 noyabrdan boshlab mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida isitish tizimlari ishga tushirilgan va xonalar harorati 20-22 darajani tashkil etmoqda.
 
Maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Xurshida Qodirovaning ta’kidlashicha, hozir bu yerda 125 nafar bola tarbiyalanmoqda. Kuz-qish mavsumi uchun 10 tonna ko‘mir, 20,5 tonna briket zaxirasi yaratilgan. Muassasani devor bilan o‘rash, hududni obodonlashtirish ishlari ham davom etmoqda. Hech kim o‘zini oqlash niyatida emas. Albatta, ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida isitish, ta’mirlash bilan bog‘liq muammolar borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Viloyat hokimligi tomonidan ular bosqichma–bosqich hal etilmoqda. Ayni paytda viloyatda 775 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatayotir. Birgina joriy yilda isitish tizimini yaxshilash maqsadida 13 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarf etildi. 20 ming tonna ko‘mir va briket zaxirasi yaratildi. Bugungi kunda maktabgacha ta’lim maskanlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Investisiya dasturi asosida esa joriy yilda 3 ta yangi bog‘cha qurildi, 34 ta maktabgacha ta’lim maskani rekonstruksiya qilindi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida 30 ta maktabgacha ta’lim muassasasi ta’mirlandi.

Manba: qalampir.com

Kiritildi: 09:46 17.11.2018. O'qildi: 2600 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik