Bir muddat oldin ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatida kichik yoshdagi qizning enagasi tufayli og‘ir jarohat olganligi haqidagi xabar tarqalgan edi.
Bolalar ombudsmani mazkur holatga munosabat bildirib, uning ayrim tafsilotlarini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro G‘.M (1988 yilda tug‘ilgan ayol) Rossiya Federasiyasiga ishlash uchun ketishi sababli voyaga yetmagan qizi G‘.I.(2022 yilda tug‘ilgan)ni rasmiy ravishda ishonchnoma asosida M.X. (1988 yilda tug‘ilgan ayol)ning qaramog‘iga topshirib, 2024 yil avgust oyida jo‘nab ketgan.
Shuningdek, ona enaga M.X.ga xizmat haqi va bolaning kunlik sarf-xarajatlari uchun pul jo‘natib turgan.
2024 yil 15 noyabr kuni voyaga yetmagan G‘.I yashash xonadonidagi zinadan tushayotgan vaqtda yiqilib, og‘ir tan jarohati olganligiga qaramay, enaga ayol bolaning sog‘ligini xavf ostiga qo‘yib, uni shifoxonaga olib bormagan.
Oqibatda bolaga bosh miya lat yeyishi va boshqa hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikastlar tashxisi qo‘yilgan.
2024 yil 28 dekabr kuni fuqaro M.X.ga nisbatan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 117-moddasi 1-qismi (Xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani holatni nazoratga olgan.