Bugun 18 oktyabr, 2024 yil, juma

КИР

Falastinlik jurnalist bir lahzada 22 nafar yaqinidan ayrildi

Falastinlik jurnalist bir lahzada 22 nafar yaqinidan ayrildi

Isroil armiyasi G‘azodagi Jabaliya qochqinlar lagerini bombalashi oqibatida «Al-Jazira» telekanali Arab xizmati muxbiri Mo‘min al-Sharafiyning 22 nafar oila a’zosi – ota-onasi, aka-singillari, jiyanlari va boshqa qarindoshlari halok bo‘ldi. Bu haqda xabar.uz yozmoqda.

Jurnalistning yaqinlari Jabaliyadagi uylardan birida jon saqlayotgan edi. 6 dekabr kun tashlangan bombadan al-Sharafiylar qo‘nim topgan uyda ulkan o‘ra hosil bo‘lgan.

«Al-Jazira» muxbiri hatto yaqinlari bilan vidolashish va mayitlarni izzat-hurmat bilan dafn etishga ham imkon berilmayotganidan shikoyat qilgan.

Boshiga ulkan musibat tushganiga qaramay, reportaj uzatishda davom etgan muxbir onasi Amina al-Sharafiyning unga yo‘llagan so‘nggi ovozli xabarini e’lon qildi.

«Assalomu alaykum, xayrli tong, Mo‘min o‘g‘lim, yaxshimisan? Tan-joning sog‘mi? Kelinim, nabiralarim qanday? O‘zingni ehtiyot qil, bolam. Alloh barchamizni bu urushdan eson-omon olib chiqsin. Seni sog‘indim, duoi joningni qilib o‘tiribman. Alloh seni panohida saqlasin!» – deya xabar yo‘llagan onaizor o‘ldirilishi arafasida.

«Al-Jazira» tahririyati Isroilning hujumini qoralab, ushbu jinoyatni sodir etganlar javobgarlikka tortilishi uchun barcha huquqiy choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.

«Al-Jazira» xalqaro hamjamiyat hamda matbuot erkinligini himoya qiluvchi tashkilotlarni qatliomni zudlik bilan to‘xtatish va shahidlar hamda begunoh qurbonlarning yaqinlari uchun adolatli mahkamani ta’minlashga chaqiradi», – deyiladi telekanal bayonotida.

Isroil harbiylari HAMASning hujumiga javoban ikki oydan buyon G‘azoda quruqlik va havoda harbiy amaliyot o‘tkazmoqda. 1 dekabr kuni, olti kunlik gumanitar sulhdan keyin yahudiy harbiylari G‘azoda jangovar harakatlarni qayta boshladi.

Ayni paytda G‘azo dunyoda jurnalistlar va ularning oilasi uchun eng xatarli hudud bo‘lib qolmoqda.

Jurnalist Vail Al-Dahduh ham bir kechada rafiqasi, qizi, o‘g‘li va nabirasidan ayrilgan.

Joriy yil 25 oktyabr kuni Isroil aviahujumi oqibatida «Al-Jazira»ning G‘azodagi yana bir muxbiri Vail Al-Dahduh rafiqasi, qizi, o‘g‘li va nabirasidan ayrilgan edi. Ular ham xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra daxlsiz sanalgan qochqinlar lagerida jon saqlayotgan edi.

31 oktyabr kuni Jabaliya lageriga uyushtirilgan hujumda «Al-Jazira»ning yana bir xodimi Muhammad Abu Al-Qumsanning 19 nafar oila a’zosi hayotdan ko‘z yumgan.

Kiritildi: 19:13 08.12.2023. O'qildi: 1079 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!