Evroparlament YEIni Ukrainaga harbiy yordamni "sezilarli darajada oshirish va tezlashtirish" hamda Rossiya boshlagan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda faol ishtirok etishga chaqirdi. Shuningdek, Kiyev uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqish jarayoniga qo‘shilish muhimligi ta’kidlandi.
12 mart kuni Strasburgda qabul qilingan rezolyusiyada Yevroittifoqqa a’zo davlatlarning harbiy yordami "Rossiyaning tajovuzkor urushini to‘liq to‘xtatish va Ukrainaga xalqaro tan olingan chegaralari doirasida barcha hududlari ustidan nazoratni tiklash imkonini beradigan darajada bo‘lishi kerakligi" ta’kidlangan.
Rezolyusiyaga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi "Ukrainaning asosiy strategik ittifoqchisi va eng yirik donori" bo‘lishi lozim. Yevroparlament, shuningdek, a’zo davlatlarni Kiyevga o‘q-dori va qurol yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi.
Evroparlament a’zolari fikricha, "Rossiyaning harbiy iqtisodiyoti barqaror emas" va "EIning muvofiqlashtirilgan bosimi hamda Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirish" Rossiya boshlagan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda Kiyevning pozisiyasini mustahkamlashi mumkin.