Evropa Ittifoqi kuchli zilziladan jabr ko‘rgan Afg‘onistonga gumanitar yordam jo‘natdi.
Bu haqda YEIning rasmiy vakili Eva Xrnchirova jurnalistlarga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zarur mahsulotlarning birinchi partiyasi hafta oxirigacha Qobulga yetkazib beriladi.
Xrnchirovaning ta’kidlashicha, YEI 1 million yevroni safarbar qilgan va 130 tonna gumanitar yordam yuborgan. Mablag‘lar allaqachon joylarda faoliyat yuritayotgan gumanitar sheriklarga o‘tkazilgan.
Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan ikki gumanitar reys orqali chodirlar, oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur jihozlar yetkaziladi. Shuningdek, “Kopernik” sun’iy yo‘ldosh xizmati yordam yetkazib berishda favqulodda holatlar xaritasini tuzish uchun qo‘llaniladi.
Bu yangi yordam 2025 yilda mamlakatdagi gumanitar tashkilotlar uchun ajratilgan 161 million yevrolik yordamni to‘ldiradi. YEIning barcha yordamlari faqat sherik tashkilotlar orqali amalga oshiriladi.