Evroittifoq Ukrainaga navbatdagi 1 milliard yevrolik transhni o‘tkazdi.
Ushbu to‘lovni hisobga olgan holda, Yevroittifoqning Ukrainaga makromoliyaviy yordamining umumiy hajmi 5 milliard yevroga yetdi.
"Bu Kiyevga mamlakatni tiklash choralarni amalga oshirish, jumladan, energiya, suv ta’minoti va transport kabi muhim infratuzilmani ta’mirlashda yordam beradi", deyiladi YEI bayonotida.
Bundan tashqari, Yevropa–Ukraina assosiasiyasi Kengashi yig‘ilishi doirasida tomonlar Yevropa investisiya banki tomonidan Ukrainadagi infratuzilmani tiklash uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha bitimlarga imzo chekishdi.
Evrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, bu kreditlar hajmi 300 million yevroni tashkil qiladi. Bundan tashqari, Ukraina Yevroittifoq kosmik dasturining bir necha yo‘nalishlarida ishtirok etish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Evropaning makromoliyaviy yordami (MFA) — bu Ukraina hukumati 35 yil muddatga oladigan kreditlar bo‘lib, ularni to‘lash Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan daromadlar hisobidan amalga oshiriladi. Umumiy hajmi 18,1 milliard yevro bo‘lgan mazkur dastur G7 tashabbusining bir qismidir. Bu tashabbus doirasida Ukrainaga urush davridagi favqulodda byudjet ehtiyojlarini qoplash uchun 45 milliard yevro ajratilishi rejalashtirilgan.