Andi Aranitasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (ETTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori va rahbari etib tayinlandi. U 2023 yil 1 sentyabrda o‘z lavozim majburiyatlarini bajarishga kirishadi.
“ETTBning eng dinamik bank va konsultasion bo‘linmalaridan biriga rahbarlik qilishimdan juda mamnunman. O‘zbekiston jadal o‘sib borayotgan iqtisodiyotga ega bo‘lib, u katta tajriba va ko‘plab sohalarda moliyaviy qo‘llab-quvvatlov talab qiladi: qayta tiklanuvchi energiya manbalari va infratuzilmalaridan tortib kichik va o‘rta tadbirkorlikni hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investisiyalar jalb qilishgacha. Men o‘z tajribam va kuchimni mamlakat bilan hamkorlikni rivojlantirishga va O‘zbekiston bo‘yicha 2023 yil oxirigacha tasdiqlanishi kerak bo‘lgan yangi davlat strategiyamizni amalga oshirishga yo‘naltiraman”, — deydi Aranitasi.
Albaniya va Buyuk Britaniya fuqarosi sifatida Aranitasi bank sohasida, shuningdek, ishlab chiqarish, telekommunikasiya, agrobiznes, ko‘chmas mulk, turizm va energetika sohasida 25 yildan ortiq tajribaga ega. YETTBdagi faoliyati davomida u bankning energetika bo‘linmalarida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan hamda Turkiya va Janubi-sharqiy Yevropadagi energetika loyihalari portfelini ishlab chiqish, amalga oshirish va boshqarish uchun mas’ul bo‘lgan. O‘zbekistondagi lavozimga tayinlangunga qadar u YETTBning Shimoliy Makedoniyadagi vakili edi.