Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Etimning haqini yegan odamni narigi dunyoda qanday jazo kutmoqda?

Etimning haqini yegan odamni narigi dunyoda qanday jazo kutmoqda?

Alloh taolo aytadi:

Yetimlarning mollarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar hech shak-shubhasiz, qorinlariga olovni yegan bo‘lurlar. Va, albatta, do‘zaxga kirajaklar! (Niso surasi, 10-oyat).

Etimlarning mollarini nohaq yeydigan kimsalar aslida olov yegan bo‘lib, qiyomatkuni qorinlarida alangalanib turadi.

Suddiy rahmatullohi alayh aytganlar: Yetimning molini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsa qiyomat kunida qayta tirilganida, olov alangasi uning og‘zi, burni, quloq va ko‘zlaridan chiqib turadi. Uni ko‘rgan har bir odam u yetim molini yeganini darhol bilib oladi .

Alloh taolo yetim moli haqida:

U mollarni isrof qilib va (egalari) katta bo‘lib qolmasin, deb shoshilib yeb qo‘ymanglar. (Etimni o‘z qaramog‘iga olgan) kishi agar boy bo‘lsa, (etimning molidan) parhez qilsin, kambag‘al bo‘lsa, yaxshilik bilan (ya’ni, qilgan xizmatiga yarasha) olib yesin (Niso surasi, 6-oyat).

Ulamolar: Yaxshilikdan ortiqchasini yeyish harom bo‘ladi , deyishgan. Ibn Javziy o‘z tafsirlarida yaxshilik bilan yeyish haqidagi to‘rt xil qarashni keltirganlar:

1. Qarz hisobida olish.

2. Isrof qilmasdan ehtiyojiga yarasha olib yeyish.

3. Yetim uchun qilgan xizmatiga yarasha olish.

4. Zarur bo‘lib qolganda olib, imkoni bo‘lganda qaytarish, agar imkoni bo‘lmasa qaytarmay qo‘yaveradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Yetimni qaramog‘iga olgan odam men bilan jannatda mana bundaymiz dedilar-da, ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlariga ishora qilib, orasini sal ochib qo‘ydilar (Buxoriy rivoyati).

Etimni qaramog‘iga olish degani uni tarbiyalash, yedirib-ichirish, kiydirish va agar mol-mulki bo‘lsa, uni ko‘paytirishdir. Bordi-yu, mol-mulki bo‘lmasa, unga Alloh taoloning roziligini istab infoq-ehson qilinadi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Kimda kim musulmonlar orasidagi yetimni o‘z taomi va ichimligiga (ya’ni, o‘z qaramog‘iga) olsa, mabodo kechirilmaydigan gunoh (ya’ni, shirk) qilmas ekan, Alloh uni jannatga, albatta, kiritadi (Termiziy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Men jannat eshigini birinchi bo‘lib ochuvchi shaxsman. Faqat bir ayol mendan ildamroq ekanini ko‘raman. Undan: Sen kimsan? deb so‘rayman. U: Men yetimlarimga qarab o‘tirgan ayolman , deydi (Abu Ya’lo rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qalbi qattiqligidan shikoyat qildi. U zot sollallohu alayhi vasallam: Yetimning boshini sila va miskinga taom ber , dedilar (Ahmad rivoyati, sahih hadis).

Manba: islom.uz

Kiritildi: 16:59 14.02.2019. O'qildi: 6604 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!