O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Erondan bir guruh vatandoshlarni Turkmaniston orqali tranzit tarzda qaytarishni tashkil etdi, deb xabar beradi «Dunyo» agentligi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning Ashxobod va Tehrondagi diplomatik vakolatxonalari Turkmanistonning tegishli idoralari bilan hamkorlikda viza va transport-logistika masalalarini tezkorlik bilan hal qilishgan.
Natijada, Turkmaniston tomonining ko‘magi bilan 41 nafar O‘zbekiston fuqarosi «Saraxs–Seraxs» va «Gaudan–Bajgiran» chegara o‘tkazish punktlarida kutib olinib, diplomatik xodimlar tomonidan ularning vatanga xavfsiz yetib kelishi ta’minlangan.
Diplomatik vakolatxona tomonidan hech bir fuqaro tegishli yordamsiz qolmasligini ta’kidlandi.
Vatandoshlarimizni o‘z oilalari bag‘riga qaytarish borasidagi ishlar davlat siyosatining asosiy tamoyili — inson manfaatlarining ustuvorligiga muvofiq ravishda izchil davom ettirilmoqda, — deyiladi xabarda.