Eron va Isroil vakillari Iordaniya poytaxti Ummonda o‘tkazgan maxfiy uchrashuvda Tehronning Suriya janubi-g‘arbidagi to‘qnashuvlarga qo‘shilmasligiga kelishib olingan, deya xabar berdi "azon.uz".
Saudiya Arabistonining Londonda chiqadigan “Ilaf” gazetasi xabarida aytilishicha, uchrashuv Iordaniya vositachiligida uyushtirilgan. Unda Eronning Iordaniyadagi elchisi Muqtabo Firdavsiy Bur va Eron xavfsizlik kuchlari vakillari, Isroil tomonidan esa Mossad rahbari o‘rinbosari va boshqa mutasaddilar ishtirok etgan.
Muzokara natijasida Suriyaning janubi-g‘arbi, ayniqsa, Daro va Al-Qunaytaro shaharlarida Asad kuchlari va muxoliflar orasida yuz berishi kutilayotgan to‘qnashuvlarga Eron, shuningdek, Livanning “Hizbulloh” harakati va boshqa shia guruhlarining qo‘shilmasligiga kelishib olingan. Agar Jo‘lon tepaliklari va Isroil – Iordaniya chegarasi yaqinlarida kelib chiqadigan to‘qnashuvlarga Eron va “Hizbulloh” qo‘shilmasa, Isroil ham qo‘shilmaydi.
Aytilishicha, Eron Suriyada yanada ko‘proq yo‘qotishlarga uchramaslik uchun ham ushbu kelishuvga rozi bo‘lgan.
Uchrashuvdan Rossiyaning xabari bor. Daro va Al-Qunaytarodagi to‘qnashuvlarga Eron va “Hizbulloh”ning aralashmasligiga Moskva kafolat bergan.