Eron yuk tashish kompaniyalarini Hormuz bo‘g‘ozi orqali janubiy yo‘nalishdan foydalanish xavfi haqida ogohlantirdi.
Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakili Husayn Mohebi bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda yozdi.
U Hormuz bo‘g‘ozi orqali janubiy yo‘nalishlardan foydalanish xavfli ekanligini, chunki bu hududda dengiz minalari mavjudligini aytdi.
"Hormuz bo‘g‘ozi orqali janubiy yo‘nalish minalashtirilgan. Bu yo‘nalishda harakatlanish sizning investisiyalaringiz uchun halokat reseptidir. AQSh sizni aldashiga yo‘l qo‘ymang", dedi Mohebi.
O‘z navbatida, Xatam al-Anbiya harbiy qo‘mondonligining bayonotida aytilishicha, Hormuz bo‘g‘ozini barcha kemalar uchun yopiq deb e’lon qilganiga qaramay, Tehron alohida kemalarning kelishilgan yo‘nalishlar bo‘ylab tranzit qilish imkoniyatini istisno qilmaydi.
"Kechagi ogohlantirishdan so‘ng, sizga Hormuz bo‘g‘ozi yopiqligicha qolishini ma’lum qilamiz. Agar biron bir kemaga bo‘g‘oz orqali tranzit qilishga ruxsat berilsa, u buni faqat belgilangan yo‘nalish orqali va avval e’lon qilingan qoidalarga muvofiq amalga oshiradi", deyiladi bayonotda.
Shuni ta’kidlash kerakki, Hormuz bo‘g‘ozi global energiya ta’minoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan muhim yuk tashish yo‘li hisoblanadi. Mintaqadagi har qanday keskinlik global neft va gaz bozorlariga ta’sir qilishi mumkin.