Bugun 15 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Erkin emas, Erkinoy: Navoiyda ayol hujjatlarda erkak sifatida qayd etilgani aniqlandi

Erkin emas, Erkinoy: Navoiyda ayol hujjatlarda erkak sifatida qayd etilgani aniqlandi

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida ayol hujjatlarda erkak sifatida qayd etilgani aniqlandi. Bu haqda “Davr” dasturida xabar berildi, deb yozmoqda "Daryo".

Unda aytilishicha, Qiziltepa tumanida yashovchi Erkinoy Tilavova pensiya yoshiga yetgach, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida o‘zining tug‘ilganlik guvohnomasida ism va jinsi noto‘g‘ri ko‘rsatilganini aniqlagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, guvohnomada uning ismi Erkin deb yozilgan bo‘lib, jinsi erkak sifatida qayd etilgan.

Erkinoy Tilavovaning aytishicha, bu xatolik shu paytgacha e’tiborga olinmagan.

Pensiyaga chiqish uchun hujjat tayyorlab yurgandim, arxivdan Tilavov Erkin chiqdi. “Metrika”ngiz chalkash deyishdi. Shu paytgacha hujjatlarga ishim tushmagandi, deydi u.

Qiziltepa tumani FHDYo bo‘limi mudirasi Marusa Nosirovaning bildirishicha, mazkur noto‘g‘ri yozuv asosida fuqarolik pasporti ham olingan.

Biz elektron tizim va Erkinoy Tilavova qo‘lidagi hujjatlarni taqqoslab ko‘rganimizda fuqaroning tug‘ilish dalolatnoma yozuvlarida erkak jinsli farzand tug‘ilgani, familiyasi Tilavov va ismi Erkin ekani to‘g‘risida ma’lumotlar yozilgani aniqlandi. Hujjatga ota-onaning o‘zlari tuzatish kiritib qo‘yishgan va bu bilan fuqarolik pasporti olingan. Bugungi kunda elektron tizim bo‘lgani sababli muammoga duch kelishgan, dedi Nosirova.

Mazkur holat yuzasidan Qiziltepa tumani Adliya bo‘limi tomonidan FHDYo bilan hamkorlikda sudga murojaat qilinib, fuqarolik faktini aniqlashtirish bo‘yicha da’vo arizasi kiritilgan.

Tegishli tashkilotlar ayolga huquqiy yordam ko‘rsatmoqda va masala qonuniy tartibda hal etilishi kutilmoqda.

Kiritildi: 18:11 13.05.2025. O'qildi: 590 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!