Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Er yuzidagi eng sarguzashtbop joylar: Birinchi o‘rinda – O‘zbekiston!

Er yuzidagi eng sarguzashtbop joylar: Birinchi o‘rinda – O‘zbekiston!

Buyuk Britaniyada nashr etiladigan The Telegraph gazetasi sarguzasht istovchi sayyohlarga borish tavsiya etiladigan 50ta turistik yo‘nalish ro‘yxatini tuzib chiqdi. Ro‘yxatning birinchi pog‘onasidan O‘zbekiston joy olgan.

Nashr mutaxassislari O‘zbekistonga Navro‘z bayrami kunlari kelishni maslahat bergan.

«O‘zbekiston jadal taraqqiyot davrini boshdan kechiryapti. Joanna Lamlining mualliflik dasturi va yaqinda viza talablarining soddalashtirilgani hisobiga mamlakatga tashrif buyuruvchilar soni keskin oshib ketdi. Shu boisdan ham Lamlining televizion sayohat dasturi – «Ipak yo‘li sarguzashtlari» ekspertlari Navro‘z bayramidagi O‘zbekistonni ilk marta ko‘rsatib berdilar. Bu bahoriy festival turistlarga o‘zbeklar hayoti haqida chuqur tasavvur beradi.

Navro‘z turnesi Xiva, Buxoro va Samaqand kabi hayratomuz joylarni o‘z ichiga oladi. Sayohat davomida shu yerlik oilalar bilan tushlik qilish, elit toifa restoranlarda ovqat tanovul qilish, an’anaviy yog‘och o‘ymakorligi va kulolchilik ustalari hamda zamonaviy dizaynerlar ishini kuzatish, so‘yilgan echki bilan ot ustida o‘ynaladigan shiddatli o‘yin – ko‘pkarini tomosha qilish ham mumkin», – deyiladi maqolada.

Qo‘shimcha qilinishicha, «Ipak yo‘li sarguzashtlari» loyihasi doirasida Navro‘z kunlari O‘zbekistonga 11 kunlik safar narxi 3550 funtdan boshlanadi. Bu narx ichiga turar joy, ovqatlanish va transport xarajatlari kiritilgan bo‘lib, O‘zbekistonga kelib-ketish uchun aviachiptalar alohida sotib olinadi.

"The Telegraph"ning 50stalik to‘liq ro‘yxati quyidagicha.

1. O‘zbekistonda Navro‘z

2. Keniya savannalari

3. Butandagi Oltita hissiyot deb atalmish yangicha «kulbalar»

4. Nikaraguaning mahalliy aholisi bilan tanishish

5. Pokistondagi Hindukush tog‘lari

6. Rossiyaning Murmansk oblastida yashovchi sami xalqi bilan tanishuv

7. Argentina va Chilida Janubiy Amerika tarixiga sayohat

8. Kashf etilmagan Malavi (Afrika)

9. Finlyandiyada shimol yog‘dusi

10. Gayana junglilari va qishloqlari (Shimoliy Amerika)

11. Buyuk Xitoy devori, Tyananmen maydonida varrak uchirish, pandalar

12. Norvegiyaning betakror tabiati va qutb ayiqlari

13. Kolumbiyadagi tropik o‘rmonlar, tog‘lar va sharsharalar

14. Livanning nodir go‘shalari

15. Grenlandiya orolidagi tundra va chang‘i uchish

16. Buyuk Britaniya milliy bog‘lari va vodiylari

17. Portugaliya tog‘lari aro velosipedda sayohat, Madeyra oroli

18. And tog‘lari orqali Argentinadan Chiliga qadar elektrovelosipedda borish

19. Yangi Zelandiyaning musaffo tabiati

20. Yaponiyaning so‘lim va tinch qishloqlari bo‘ylab piyoda safar – Alp tog‘laridagi qadimiy samuraylar yo‘li

21. Sloveniyadagi Yogar vodiysi – cho‘qqi va sharsharalar, o‘rmon sayohati, yoga va meditasiya darslari

22. Peruni piyoda kezish – Machu Pikchu va inklardan qolgan boshqa yodgorliklar

23. Italiyaga ziyorat safari

24. Avstraliya bo‘ylab piyoda va qayiqdagi sayohat

25. Ingliz kanalidagi Uayt oroli

26. Karib dengizidagi Dominika oroli

27. Albaniya, Kosovo va Shimoliy Makedoniyaga poyezd va paromda sayohat

28. Avstraliyadagi Marjon qirg‘oqlari

29. Gibraltar bo‘g‘ozidan o‘tib, Marokash shaharlarini kezish

30. AQShning Alyaska shtati – yovvoyi tabiat bag‘rida motosiklda sayohat

31. Namibiya, Botsvana va Zimbabve (Viktoriya sharsharasi)

32. Tojikiston va Qirg‘iziston manzaralari – ko‘llar, Pomir va Fon tog‘lari etaklarida piyoda va avtomobilda sayr (Afg‘onistonning Vohan yo‘lagiga qadar)

33. Bepoyon Kanada bo‘ylab poyezd sayohati – shimoldagi tog‘li Yukon hududi, qor ustida piyoda yurish, muz ustida baliq ovlash, shimol yog‘dusi

34. Irlandiyaning qoyali kengliklari, qadimiy qasrlar va shaharlar

35. Shotlandiyaning ko‘k-yashil dengizli orollar arxipelagi, konoyeda eshkak eshish, delfinlar

36. Sudan – Qizil dengiz sohillaridagi plyajlar, motorli qayiqda betakror manzaralar

37. Avstraliya atrofida 27 kunlik kema sayohati

38. Seyshel orollari (Afrika sharqida) – yaxtada sayr, o‘ziga xos plyajlar va ekspeditisiyalar

39. Karib dengizi bo‘ylab kichik kemada bir haftalik sayohat

40. Shri-Lanka tabiatidan bahra olish va ijtimoiy loyihalarda volontyor sifatida qatnashish

41. Kanadaning Manitoba provinsiyasi – kit, delfin va qutb ayiqlari (tag qismi shaffof oynali qayiq)

42. Norvegiya qirg‘oqlarida kitsimon baliqlar makoniga sayr

43. Ispaniya qirg‘oqlari, o‘rmon va shaharlari

44. Braziliya yovvoyi tabiati bilan tanishish – yaguarlar, dengiz fillari, kitlar va pingvinlar

45. Mo‘g‘uliston – faol vulqonlar, qimirlab turuvchi muzli ko‘llar

46. Osiyo bo‘ylab 26 haftalik sayohat – Istanbul (Turkiya), Katmandu (Nepal), Boku (Ozarboyjon), Kaspiy dengizida paromlar, Kavkaz, Markaziy Osiyo, Himalay va Qoraqo‘ram tog‘lari, Toj Mahal va boshqalar.

47. Syerra-Leone – Afrika yovvoyi tabiati, Banan orollari, Krio qishlog‘i, Fritaun

48. Chiliga astronomik sayohat – 14 dekabrdagi to‘liq Quyosh tutilishini Atakama sahrosida joylashgan mashhur sayyohlik observatoriyasida kuzatish

49. Astronomlar bilan «Yangi olimning yangi fazosi: o‘tmish va kelajakka sayohat» nomli tur (AQSh) – NASA muzeylari, Rozuellning NUJ markazi, «Very Larga Array» radioto‘lqin observatoriyasi, «Virgin Galactic»ning fazo porti

50. Nepaldagi Buyuk Himalay trassasi bo‘ylab tog‘ sayohati.

Kiritildi: 19:47 19.01.2020. O'qildi: 4015 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!