FVV savdo va ko‘ngilochar markazlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari rahbarlarini yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekistondagi savdo komplekslari, savdo-ko‘ngilochar markazlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi.
FVV boshqarma boshlig‘i Odil Qo‘ldoshev ob’ekt hududi va bino-inshootlarida yong‘in xavfsizligiga qat’iy rioya etilishini ta’minlash rahbarlar zimmasida ekanligini eslatib, ulardan bir qator asosiy talablarga amal qilishni so‘radi. Jumladan:
binolarning evakuasiya chiqish yo‘llari doimiy ochiq va shay holatda bo‘lishi zarur;
binolar yong‘in signalizasiyasi va boshqa yong‘inga qarshi texnik himoya vositalari bilan jihozlanishi va doimiy ishchi holatda bo‘lishi va nazorat qilinishi kerak;
binolar hududi va qavatlari yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan yetarli miqdorda ta’minlanishi zarur;
ishchi va xizmatchilar favqulodda vaziyatlar va yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilishda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi shart;
ob’ekt hududi yoki binolarini ijaraga berish davrida, ijaraga oluvchi tomonidan yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilishi shartnoma shartlarida belgilanishi zarur.
Qo‘ldoshev Toshkent shahridagi Aviator savdo markazida sodir bo‘lgan yong‘indan so‘ng, kelgusida bu kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun ushbu talablarga qat’iy rioya etish kerakligini qayd etdi.