AQSh prezidenti Donald Tramp Fox News telekanali boshlovchisi Shon Xennitiga bergan intervyusida yaqin orada Meksikada ham qandaydir operasiya o‘tkazishi mumkinligini ishora qildi. Bunga sabab (yoki ayrim talqinlarga ko‘ra bahona) — narkotiklarga qarshi kurash:
«Biz kartellarga qarshi kurashda zarba beramiz. Kartellar Meksikani boshqaryapti. Bu mamlakat bilan nima bo‘lganini ko‘rish juda-juda achinarli. Ammo kartellar vaziyatni nazorat qilayapti va ular har yili bizning mamlakatimizda 250 mingdan 300 minggacha odamni o‘ldiryapti. Narkotiklar — bu dahshat. Ular oilalarni vayron qildi. Bilasizmi, farzandingni yoki ota-onangni yo‘qotasan. Nazarimda, ota-onalar ham narkotiklar sabab halok bo‘lyapti».
Shu bilan birga, Tramp narkotiklarga qarshi kurashdagi yutuqlarini ham maqtadi:
«Biz mamlakatga dengiz orqali kirib kelayotgan narkotiklarning 97 foizini yo‘q qildik. Endi esa kartellarga qarshi quruqlikda ham zarba berishni boshlaymiz. Biz haqiqatan ham ajoyib ish qildik. Bu raqamlarni kamaytirayapmiz. Hatto gap bir kishi haqida ketganda ham bu raqamlar doim juda yuqori bo‘lib qoladi. Lekin ular kamaymoqda — xuddi chegaradagi vaziyat kabi».
Tramp Meksika bilan chegara masalasiga ham to‘xtaldi:
«Chegara yillar davomida mutlaqo tartibsiz holatda edi. Men birinchi marta (ya’ni birinchi prezidentlik muddatimda — tahr.) juda tez tartib o‘rnatganman, bu safar esa yanada yaxshiroq qildim, chunki betartiblik yanada kuchliroq edi. Bu, ehtimol, jahon tarixida hech qachon bo‘lmagan darajadagi chegara edi. Aslida istagan har kim bemalol sening mamlakatingga kirib kela oladigan chegara mavjud edi».
Endilikda esa chegara «amalda to‘liq yopiq», deya ta’kidlaydi Tramp:
«Yopiq. Kirib bo‘lmaydi. Hech kim kirmayapti. Hatto urinib ham ko‘rmayapti».
Fox News boshlovchisi esa Meksikaga ehtimoliy hujum xalqaro huquqqa mos keladimi-yo‘qmi, degan savolni bermadi.