Bugun 25 sentyabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

Elektron sigaretalar nikotinga qaramlikni oshiradi

Elektron sigaretalar nikotinga qaramlikni oshiradi

Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi haqidagi haqiqatlar turmush tarzimizda qayta-qayta takrorlanishiga qaramasdan, afsuski, hozirgi kunda butun dunyoda tamaki iste’mol qiluvchilar soni tobora ortib bormoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, sigareta tarkibiga kiruvchi kimyoviy moddalar istisnosiz barcha organlarga zarar yetkazadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, sigareta chekish kamida 25 ta kasallik turi bilan bog‘liq. Sigareta dunyodagi o‘limning asosiy sababi hisoblanadi.

Dunyoning aksariyat mamlakatlarida sigaretalar sotish hajmi qisqarayotgani sababli, tamaki sanoati elektron sigareta, qizdiriladigan tamaki tizimi kabi mahsulotlarni sotish va ilgari surish harakatiga tushgan. Asosiy maqsad esa yosh avlodni nikotinga o‘rgatish va unga qaram qilish.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida elektron sigaretalarni chekish bo‘yicha yetarli ma’lumotlar yo‘q. Katta yoshdagi aholi orasida elektron sigaretalarni chekish darajasi o‘rganilgan 50 ta mamlakat orasida ancha farq mavjudligi aniqlangan. Bu ko‘rsatkich Estoniyada 11 foizni tashkil qilsa, Urugvayda 0,2 foizdan iborat. Tadqiqot o‘tkazilgan 60 ta mamlakatning bolalar va o‘smirlari orasida elektron sigaretalarni chekish 8,8 foizni tashkil qilishi ma’lum bo‘lgan. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, aholining 18-24 yoshdagi qatlami orasida elektron sigaretalardan ko‘proq foydalaniladi.

Elektron sigaretalar chekish ko‘rsatkichlari aholi orasida qisqa davrlar ichida tez o‘zgarmoqda. AQShda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yuqori sinf o‘quvchilari orasida elektron sigaretalardan foydalanish o‘tgan yillarga nisbatan 19,6 foizga oshgan. Aromatik elektron sigaretalarni iste’mol qiluvchilar ulushi esa 65, 1 foizdan 84,7 foizga yetgan. Bolalar va o‘smirlar orasida elektron sigaretalardan foydalanish ko‘lami shunga olib kelganki, AQShning Bosh jarrohi bu muammoni 2019 yildagi epidemiya deb e’lon qilgan. Angliyada qonun bilan taqiqlangan bo‘lsada, 18 yoshga yetmagan har beshinchi bola yoki o‘smir elektron sigareta chekib ko‘rgan.

Aslida bir kun davomida bir donadan sigareta chekayotgan shaxslar chekuvchi hisoblanadi.Tahlillarga ko‘ra, tamaki chekish oqibatida dunyoda har yili o‘rtacha 8 million kishi hayotdan ko‘z yumadi. Chekish inson umrini taxminan 10 yilga qisqartirishi ham olimlar tomonidan isbotlangan fakt. Bu dahshatli statistika har bir chekuvchi insonni bu zararli odatdan voz kechishga undashi kerak.

Xo‘sh, O‘zbekistonda bu borada vaziyat qanday?

– Mamlakatimiz aholisining (18-69 yoshdagi) 16,5 foizi – erkaklarning 32,9 foizi, ayollarning 0,8 foizi tamaki chekadi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov. – Afsuski, ayollarning aksariyati tamaki mahsuloti iste’mol qilishini tan olmaydi.

Elektron sigaretalarni chekuvchi yoshlarning ko‘pchiligi oddiy sigareta chekmaydi, elektron sigaretalar esa kelajakda ularda nikotinga qaramlikni rivojlantiradi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash mumkinki, elektron sigaretalar oddiy sigaretalarni chekishga “yo‘l ochib beruvchi” sifatida ko‘riladi.

Aynan noto‘g‘ri targ‘ibotlar va rang-barang reklamalar sababli O‘zbekiston aholisi orasida tutunli va tutunsiz tamaki chekish urfga kirgan. Xususan, aholining 9,4 foizi (har 11 nafardan 1 nafari) tutunli tamaki chekadi. Ularning 0,5 foizi ayollardir. Tutunli tamaki chekuvchilar orasida sigareta asosiy o‘rinni egallaydi, ya’ni uni 86 foiz chekuvchilar chekadi. Chekuvchilarning 5,3 foizi chilim, 2,4 foizi tamaki qizdirish tizimidan foydalanadi. Aholining 9,9 foizi tutunsiz tamaki chekadi. Tutunsiz tamaki chekuvchilarning 89 foizi nosvoy chekadi.

13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining 1,7 foizi tamaki chekishi aniqlangan. Ularning 9 foizi qiz bolalardir. O‘smirlarning 7,7 foizi hayotida bir marta bo‘lsa ham chekib ko‘rgan. O‘zbekistonda 18-69 yoshdagi erkaklar orasida elektron sigaretalardan foydalanish 0,4 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 18-29 yoshdagi erkaklar orasida ikki marta ko‘p bo‘lgan.

Agar mamlakatimizda ham chekishga qarshi zarur choralar ko‘rilmasa, elektron sigaretalar chekuvchi yoshlar hayoti davomida uch marta ko‘p oddiy sigareta chekishga o‘tadi.

O‘quvchilarning yonidan topilgan tamaki mahsulotlarining aksariyati nikotinli snyuslar, elektron, oddiy sigaretalar, nosvoy hamda tamakini qizdirish tizimidan iborat.

To‘g‘ri, so‘nggi yillarda erkaklar orasida tutunli tamaki chekish darajasi biroz pasaygandek. Ammo yoshlar orasida “zamonaviy” tamaki va nikotin mahsulotlarini chekish sur’ati jiddiy ravishda o‘sib bormoqda. Bunday vaziyat kelgusida katta yoshdagi aholi o‘rtasida tamaki chekish darajasi o‘sishiga olib keladi.

Kiritildi: Bugun 15:40. O'qildi: 239 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!