Atrof muhitga nol chiqindisiz harakatlanadigan transport vositasi bu elektromobillar hisoblanadi.
Hozirgi kunda yurtimizda tranpsort tashlamalarni kamaytirish maqsadida muqobil energiyada harakatlanadigan avtotransport vositalarining soni yildan-yilga ortib bormoqda.
2021 yilda O‘zbekistonga 809 ta elektromobil import qilingan. Ularning 90% Xitoydan olib kelingan. Elektromobillar importi 2020 yilga nisbatan 679 taga yoki 6,2 baravarga oshgan.
O‘zbekistonda o‘tgan 2022 yili qariyb 70 mln AQSh dollari evaziga 2180 dona elektromobil olib kelingan. Bu ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan deyarli 3 barobarga oshgan.
Avtotransportlardan atrof-muhitga ta’sirlarni kamaytirishda xalqaro tajriba o‘rganilganda, dunyoning qator davlatlari bu borada amaliy ishlarni boshlaganini ko‘rish mumkin bo‘ldi. Jumladan, AQShda 2030 yilga kelib, barcha yangi yengil avtomobillar va yuk mashinalarining 50 foizi nol chiqindili transportlarga almashtirish rejalashtirilgan, Buyuk Britaniyada 2030 yilga borib dizel va benzinli avtomobillar sotilishi taqiqlanadi.
Yaponiyada QTEni rivojlantirish hisobiga 2050 yilga kelib avtotransportlardan atmosferaga tashlamalar nol foizga tushurish rejalashtirilgan.
Xitoyda yirik shaharlarda avtomobillardan foydalanishga cheklov o‘rnatilgan bo‘lib, ya’ni, toq raqamli avtomobil toq chisloda, juft raqamli avtomobil juft chisloda harakatlanishi belgilab qo‘yilgan.
Indoneziyada avtotransportlardan atmosferaga tashlamalarni kamaytirishda asosan yoqilg‘i sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, dunyoda elektromobillarni rivojlantirish ustida olib borilayotgan ishlar samarali tashkil etilsa, 2040 yilga kelib dunyodagi yengil avtomobillarning 35 foizi yoki 41 millionta yengil avtomobil elektr toki orqali harakatlanadi va natijada bir kunda 13 million barrel tozalanmagan neft mahsulotlarini tejab qolish hamda atrof muhitga salbiy gazlar ta’sirini kamaytirishga erishish mumkin
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019 yil 30 oktyabrdagi PF-5863-son Farmoni ijrosi doirasida transportlardan tashlamalarni kamaytirish bo‘yicha jamoat transportining kamida 50 foizini gaz-ballon yoqilg‘i, elektr va boshka muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish bo‘yicha respublikada foydalanishda bo‘lgan jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan jami 3 268 480 ta avtotransport vositalaridan 796 034 tasi (24 foiz) benzin, 71 088 tasi (2 foiz) dizel va 2 401 348 tasi (74 foiz) gaz yoqilg‘isida harakatlanishga mo‘ljallangan.
Gaz yoqilg‘isida harakatlanishga ixtisoslashgan transportlarning eng ko‘pi Andijon (93), Buxoro (77), Jizzax (77), Qashqadaryo (77), Namangan (78) va Farg‘ona (76 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hozirda mamlakatimizda elektrobuslardan foydalanishni keng targ‘ib qilish maqsadida Transport vazirligi va Ekologiya vazirligi hamda BMTTD loyiha doirasida dastlab Toshkent shahrida, so‘ngra Samarqand va Namangan shaharlarida loyiha ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu ishlarning samarali amalga oshirilishi an’anaviy avtortoransportlardan atmosferaga tashlanadigan zararli gazlar miqdorini bir necha barobarga kamaytirishga, aholining jamoat transportida yurish madaniyatining yanada oshishiga xizmat qiladi.
Azizjon Kalimbetov,
Ekologiya vazirligi Atmosfera havosini muhofaza qilish siyosati bo‘limi boshlig‘i