Bugun 12 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Eldor Aripov Seulda bo‘lib o‘tgan forumda Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi

Eldor Aripov Seulda bo‘lib o‘tgan forumda Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi


Joriy yil 7 oktabrda Seul shahrida «Koreya yarim oroli va Shimol davlatlari madaniyati va strategiyalari 4-forumi» bo‘lib o‘tdi.
Xankuk chet tillar universiteti qoshidagi xalqaro mintaqaviy tadqiqotlar markazi (CIAS) tomonidan tashkil etilgan anjumanda Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiyaning Koreya Respublikasida akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda ilk bor Markaziy Osiyo davlatlarining strategik tadqiqot markazlari direktorlari taklif etildi.
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov «Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi strategik muloqot» mavzusidagi sessiyada ma’ruza qildi.
Eldor Aripov o‘z nutqi chog‘ida Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan barqaror iqtisodiy rivojlanish dinamikasi mintaqaviy birlashuv, chegaralar ochilishi, aholi sonining ko‘payishi va geosiyosiy faollik markazlariga yaqinligi mintaqaning geostrategik ahamiyatini oshirishini ta’kidladi. Yangi Markaziy Osiyo yetakchi davlatlar, jumladan, Janubiy Koreya uchun «chorlovchi nuqta»ga aylanib bormoqda.
«Oxirgi 7 yilda Markaziy Osiyo davlatlarining yalpi ichki mahsuloti 6,3 foizga, mintaqalararo savdo hajmi 4,4 barobarga, o‘zaro investisiyalar hajmi qariyb ikki baravarga o‘sdi», — qayd etdi ekspert.
O‘z navbatida, Koreyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini yuqori baholagan holda, SMTI direktori ular mustahkam poydevorga asoslangani, vaqt sinovidan o‘tgan va keng qamrovli ekanligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Seul Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotini modernizasiya qilishga ulkan hissa qo‘shmoqda. Koreya tomonidan kiritilgan investisiyalar avtomobilsozlik, kimyo, metallurgiya, neft va gaz, axborot-kommunikasiya va boshqa ko‘plab tarmoqlar jadal sur’atda rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda.
Eldor Aripov diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon Markaziy Osiyo davlatlari bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 600 barobarga oshganini mamnuniyat bilan qayd etdi: 1992 yilda 15 million dollardan 2023 yilda 10 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi, Koreya investisiyasining mintaqada to‘plangan umumiy hajmi esa 18 milliard dollardan oshdi.
Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, Seul 2007 yilda birinchilardan bo‘lib «Markaziy Osiyo+Koreya Respublikasi» formatini yo‘lga qo‘ydi, barqaror rivojlanishni ta’minlash va mintaqa mamlakatlarining muhim ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarini amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shishda davom etmoqda.
Shuningdek, SMTI direktorining so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreya yetakchisining Markaziy Osiyoga yaqinda bo‘lib o‘tgan tashrifi chog‘ida taqdim etilgan «K-Silk ROAD» yangi tashabbusi Seulning mintaqa bilan uzoq muddatli hamkorlikni kuchaytirishga intilishining yaqqol isbotidir. Janubiy Koreyaning “«Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formatida birinchi sammitini 2025 yilda Seulda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori hamkorligimizni yanada chuqurlashtirishga katta turtki beradi”, – deya ta’kidladi ekspert.
Shu bilan birga, E.Aripov Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi sheriklikning bugungi darajasi haqida gapirar ekan, ikki tomolama hamkorlikning erishilgan darajasi hayratlanarli ekanligi, biroq mamlakatlarimizdagi ulkan salohiyatni umuman aks ettirmasligini qayd etdi.
Shu munosabat bilan, ekspertning fikricha, ko‘p tomonlama hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamlash uchun quyidagi yo‘nalishlarda aniq takliflar ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Birinchidan, unga ko‘ra, Janubiy Koreya tajribasi va texnologiyalarining transferi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan foydalanish asosida sanoat kooperasiyasini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, E.Aripovning fikricha, muhim yo‘nalishlardan yana biri – barqaror va xavfsiz ta’minot zanjirlarini yaratish. Koreyaning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategik texnologiyalarni rivojlantirishda jahon yetakchiligiga erishishga qaratilgan ulkan va uzoq muddatli maqsadlarini hisobga olsak, Markaziy Osiyo davlatlari muhim kamyob yer elementlari sohasida yo‘nalishlarni yaratishda ishonchli hamkor bo‘lishi mumkin.
Uchinchidan, ekspert aytishicha, ekologik barqarorlikni oshirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish hamkorlikning yana bir ustuvor yu’nalishi hisoblanadi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, suvni tejovchi va ekologik toza zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun Janubiy Koreyaning boy tajribasi va sarmoyalarini jalb etish bu masalalarda muhim o‘rin tutadi.
To‘rtinchidan, Institut direktori qayd etishicha, inson kapitalini rivojlantirish o‘zaro munosabatlarni chuqurlashtirishda muhim omil bo‘lishi lozim. Uning so‘zlariga ko‘ra, ta’lim sohasi hamkorlikning yetakchi sohasiga aylanishi kerak, bu esa Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribalari va standartlari asosida kadrlar tayyorlashda o‘zaro hamkorlikni oshirish imkonini beradi.
Beshinchidan, mehnat migrasiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifa ekanini alohida qayd etildi. Janubiy Koreyada kuchayib borayotgan demografik inqiroz fonida Markaziy Osiyo aholi sonining o‘sishi va ta’limning yuqori darajasi hisobiga mehnat resurslarining muhim yetkazib beruvchisi bo‘lishi mumkin.
Oltinchidan, mutaxassis xulosasiga ko‘ra, o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirishda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Bu borada Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘ziga xos «bog‘lovchi ko‘prik» va ishonchli poydevor sifatida yirik koreys diasporasining o‘rni beqiyos. Shu o‘rinda, SMTI direktori mintaqa mamlakatlaridagi milliy koreys madaniyat markazlarining faol ko‘magida har yili «Markaziy Osiyodagi koreys diaspora tarmoqlari» Forumini o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat mintaqamizda istiqomat qilayotgan koreyslarning milliyligini saqlashga, balki xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Bu sohalarning barchasida koreyalik hamkorlarimiz bilan maqsadli va muvaffaqiyatli hamkorlik qilishimizga to‘liq ishonaman, – dedi Eldor Aripov.
Eslatib o‘tamiz, ushbu Forum Koreya Respublikasi va Koreya yarim orolining shimoliy qismida (Markaziy Osiyo, Kavkaz mamlakatlari, Sharqiy Yevropa) joylashgan davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida 2021 yilda tashkil etilgan. Forum 2021-2022 yillarda Seulda, 2023 yilda esa Toshkentda SMTI bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Kiritildi: 12:26 09.10.2024. O'qildi: 742 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!