Bugun Qarshi shahrida 2021 yilning avgust oyida o‘ldirib ketilgan taniqli sportchi Elbek Rahimovning o‘limi yuzasidan sud muhokamasi boshlandi. Sudga Qashqadaryo viloyati sudining jinoyat sudlov hay’ati sudyasi Fozil Yusupov raislik qilmoqda. Bu haqda «Nasafnews» xabar berdi.
Taqdim etilgan dastlabki ma’lumotga ko‘ra, mazkur ish doirasida pora olish, pora berish va jinoyatni hisobga olishni qasddan yashirish, dalillarni soxtalashtirish kabi holatlar tergov jarayonida aniqlangan.
Dastlabki tergov jarayoni yakuniga yetgan. Ammo oldinda sud tergov jarayonlari davom etadi. Sudda OAV vakillariga jarayonni tasvirga olishga ruxsat berildi. Ammo taraflarning ko‘rsatmalarini sud hukmi e’lon qilingunga qadar OAVda yoritishga ruxsat berilmadi.
Eslatib o‘tamiz, Elbek Rahimov o‘limi yuzasidan tergov jarayoni qator boshqa jinoyatlarni ham fosh qilmoqda. 26 nafar shaxs ayni paytda Jinoyat kodeksining 20 ta moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblanib, sud qilinmoqda. Eng qizig‘i, mansabdor shaxslarning ham harakatiga sudda baho beriladi. Katta ehtimol bilan ular jinoyatni yashirishga uringan.