Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Ekspert AQSh va O‘zbekiston maktab formasini solishtirdi

Ekspert AQSh va O‘zbekiston maktab formasini solishtirdi

"Buyuk kelajak" ekspertlar kengashi a’zosi, "Amerika ovozi" muxbiri Behzod Mamadiyev Amerika va O‘zbekiston davlat maktablaridagi formalarni solishtirgan.

Gap nimada?

O‘zbekistonda maktab formasi 2018 yilda tasdiqlangandi. O‘shanda 1-6-sinflarga alohida, 7-11-sinflarga alohida kiyim joriy qilingan. Bu formalarni korxonalar tikadi, unga direktorlar aralashmaydi. Shu bilan masala yopilgan edi.

Kecha San’at va madaniyat instituti talabalari suratga olgan "Oliy ta’lim" qisqa metrajli filmdan so‘ng bu masala yana diqqat markaziga qaytgan. Bu filmda talabalarning formasi, davomat olish, "otrabotka" qilish, kech qolganlarning jazolanishi fonida ta’lim olish nechanchidir darajaga tushib ketgani ko‘rsatilgan.

Iqtibos

"Mazmunga emas, ko‘proq shaklga e’tibor qaratish avtoritar rejimlarga xos odat. Shimoliy Koreya yoki Turkmanistonni oling. Tadbirlarda xalq va rasmiylar robotlardek bir xil kiyimda va pozada turadi, harakatlari ham, yurish-turishlari ham bir xil. Chunki chetdan ko‘rganda hammasi bir tekis, bir xil bo‘lishi kerak, ko‘zlar quvnashi kerak. Mazmuni, sifati ikkinchi darajali masala. "Tashi yaltiroq, ichi qaltiroq" deb shuni aytishadi", deb yozgan ekspert.

AQShda qanday?

B.Mamadiyevning aytishicha, AQSh davlat maktablarida forma yo‘q. Hamma o‘ziga ep ko‘rgan, qurbi yetgan narsasini kiyib keladi. Aksincha, xususiy maktablarning deyarli hammasida forma bor. Chunki ular davlat maktablaridan farqlanib turishi uchun o‘z formalarini joriy etadi va xususiy tashkilot sifatida ularning bunga haqqi bor.

Ekspertning fikricha, 20 ta o‘quvchi orasida bir-ikkitasining sal boshqacha kiyinishi "hammasi bir xil, tekis va silliq bo‘lishi kerak" degan "o‘zbekona" qarashga mos tushmas, lekin amerikaliklar bunda hech qanday muammo ko‘rmaydi. Aksincha, ular rang-baranglikni qadrlaydi, buni kamchilik emas, ustunlik deb bilishadi.

Iqtibos

"O‘qituvchilar malakasini oshirish, maktab moddiy texnik-bazasini boyitish, zamonaviy va samarali o‘quv uslublarini joriy etish, o‘quv xonalarining qishda issiqligi, yozda salqinligi, bolalarning maktabga och-nahor kelmayotgani — mana bular muhim masalalar. Mana shu masalalar bevosita ta’lim sifatining oshishiga hissa qo‘shadi. Umuman olganda, maktab formasi va ichki tartib-qoidalarning bo‘lishi yomon emas. Lekin ular asosiy vazifaga aylanmasligi kerak", deb yozgan Mamadiyev.

Xulosa

Ekspertning fikricha, soat 9:00 dan bir daqiqa kechikkanlarni maktabga kiritmaslik, har kuni yig‘ilishlarda, dars paytida forma va soch turmaklarini tekshirish, yubka va ko‘ylaklarning uzun-qisqaligini o‘lchash — bular talabaning ta’lim olishiga umuman aloqasi bo‘lmagan masalalar. B.Mamadiyev maktab ma’muriyatining resurslari, energiyasi va e’tibori, asosan, mana shunday ikkilamchi narsalarga safarbar etilayotganini "juda achinarli" deb hisoblagan.

Kiritildi: 10:01 25.02.2020. O'qildi: 4904 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!