Namanganda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Respublika “Yosh ekologlar” harakati Kengashi, viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda viloyat “Yosh ekologlar” harakati Kengashi tomonidan “Jajji ekologlar” loyihasiga start berildi.
Loyiha doirasida Yangi Namangan tumanidagi bir qancha maktabgacha ta’lim muassasalarida bolajonlar ishtirokida qator tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, 61-, 73- hamda 17-sonli MTMlarda bolajonlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlar davomida tabiatni asrash, atrof-muhitga mehr bilan munosabatda bo‘lish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish, ekologik madaniyatni shakllantirish bo‘yicha tushunchalar berildi. Ayniqsa, qushlarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni asrashning ahamiyati haqida qiziqarli suhbat olib borildi. Shuningdek, kichkintoylar o‘z qo‘llari bilan qushlarni oziqlantirib, tabiatga mehr va e’tibor ko‘rsatishning amaliy ko‘rinishini namoyon etdilar.
Bundan tashqari, bolajonlar bilan savol-javoblar o‘tkazilib, ularning ekologiyaga oid bilim va tasavvurlari yanada mustahkamlandi. Yakunda loyihada faol ishtirok etgan tarbiyalanuvchilarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ma’lumot uchun, “Jajji ekologlar” loyihasi kelgusida hududdagi boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan. Maqsad yosh avlodda ekologik madaniyatni shakllantirish, tabiatga mehr va mas’uliyat hissini oshirish, atrof-muhitni asrash ko‘nikmalarini rivojlantirishdir.
Bu kabi loyihalar yosh avlodni ekologik jihatdan savodli, tabiatga befarq bo‘lmagan shaxs sifatida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.