Barcha insonlar ham suhbatlashish va do‘st bo‘lishga munosib bo‘lavermaydi. Siz shunday kishi bilan do‘st va hamsuhbat bo‘lingki, unda uch xislat bo‘lsin:
Birinchisi, aqlli bo‘lsin. Ahmoq va uning suhbatidan foyda yo‘q. Aksincha, oxiri bu kishiga ham ahmoqligi ta’sir qiladi. Ahmoq shunday kishiki, senga yaxshilik qilmoqni xoxlar, ammo senga ziyon bo‘ladurg‘on ishni qiladi. Ahmoq shunday kishiki, yaxshi-yomonni, to‘g‘ri-noto‘g‘rini farqlashga farosati yetmas. Unga yaxshilik qilsang, fahm qilmas.
Ikkinchisi, xush fe’llik va chiroyli muomaladir. Buning teskarisi shuki, kim yomon xulqni tark etmasa, vaqti kelib yomon odati, badxulqligi tutib qolsa, haqiqatni va barcha yaxshi xislatlarni zoye qilishdan uyalmas.
Uchinchi xislat, salohdir. Gunoh va ma’siyatga rag‘bati bor odam Xudoi Taolodan qo‘rqmaydi va andisha qilmaydi. Kim Xudoi Taolodan qo‘rqmasa, anga e’tiqod qilib bo‘lmas.
Hazrat Ja’far Sodiq roziyallohu anhu aytadilar: “Besh toifa kishining suhbatidan yiroq bo‘lg‘il va hazar qilg‘il:
– yolg‘onchiki, uni yolg‘oniga aldanib, mag‘rur bo‘lursan;
– ahmoqki, senga manfaat yetkazaman deb ziyon yetkazur;
– baxil kishi senga manfaat yetar vaqtda andan qochar;
– tangdil (yuragi tor) odam muxtojlik vaqtida uzoqlashar;
– fosiqki, seni bir luqmaga sotar”.
Bilginki, bu xislatlarning hammasi bir kishida bo‘lmog‘i kamdur. Lekin biron kishi bilan chin do‘st, ulfat bo‘lmoqni xoxlasang, xushfe’l ya’ni, insonga yoqimli, xushtabiat, xush xulq kishini tanla. Do‘stlikka shunday kishini tanlaginki, din ishida uni senga foydasi tegsin va sen unga foyda keltirgin. Suhbat va do‘stlik huquqini bilginki, aytadilarki, ikki do‘stning misoli, ikki qo‘lga o‘xshashdur, bir-birini yuvib pok qilur.
Manba: azon.uz