Aytishlaricha, chaqmoq bir joyga ikki marta tushmaydi. Yo‘q, buni unuting. Har oqshom soatiga minglab chaqmoqlar chaqadigan hududlar ham mavjud. Venesueladagi Katatumbo daryosi va Marakaybo ko‘lining qo‘shiladigan yeri Tesla, Eynshteyn va Faradey kabi g‘ayrioddiy olimlarning orzusi bo‘lsada, biz kabi oddiy odamlar uchun bu juda ham xavfli joydir.
Soatiga minglab chaqmoq chaqadigan joyni tasavvur qila olasizmi? Bu aynan Katatumbo daryosining Marakaybo ko‘li bilan qo‘shiladigan joyda sodir bo‘ladi. Mintaqada deyarli doim bo‘ron hukm suradi. Har yili o‘rtacha 260 ta bo‘ronga duchor bo‘lgan bu mintaqa dunyodagi eng ko‘p elektrik kuchlanishga ega joy nomiga loyiq. Bu yerda har kecha o‘rtacha 9 soat uzluksiz chaqmoq chaqadi. Ushbu chaqmoqlar tabiiy elektr manbai sifatida ham ishlatiladi.
Tegishli tadqiqotlar o‘tkazilgunga qadar, dunyodagi eng ko‘p elektr zaryadlangan joy Kongo Demokratik Respublikasidagi tog‘li Kifuka qishlog‘i ekanligi taxmin qilingan edi. Kifuka har soatda km² ga 158 marta yashin uradi. Bu joy dunyoning momaqaldiroq poytaxti deb ham ataladi.
Mutaxassislar bu hududga nima uchun shunchalik ko‘p chaqmoq tushganini yillar davomida o‘rganishdi. 1960 yillarda yer osti uran manbasi borligi taxmin qilindi va shu sababli ham chaqmoqlar ko‘p kuzatilishi izohlandi. Lekin so‘nggi yillarda o‘tkazilgan bir qator tadqiqotlar natijasida, yer osti neft konlaridagi metanning boyligi havo o‘tkazuvchanligini oshiradi, degan xulosaga kelindi.
Shuningdek, bu maskan Ginnesning rekordlar kitobiga eng ko‘p elektr zaryadlanishga ega joy sifatida kiritilgan.