Muxlislariga goh Nigora, goh Sotti (“Kelinlar qo‘zg‘oloni”) bo‘lib zavq ulashgan va yo Momo (“Chimildiq”) timsolida hayotiy saboq bergan, bir qarasak, munisu mushfiq, ammo bardoshi tog‘dek zalvorli ona (“O‘zbekcha raqs”, “Qirmizi olma”) siymosida tomoshabinni hayratga solgan O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova bugun olamdan o‘tdi.
Dilbar Ikromovaning sahnada sho‘x-shaddod, “o‘zini xafa qildirib qo‘ymaydigan”, biroq aslida esa o‘ta kamtar, sodda va samimiy inson bo‘lganligini ko‘pchilik bilmasa kerak.
Dilbar Ikromovaning otasi Ilhombek O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, onasi Jamilaxon uy bekasi bo‘lgan. Oilasida sakkiz farzand bo‘lib, Dilbar Ikromova ikki o‘g‘il, olti qizning uchinchisi bo‘lgan.
– Yoshligimda tortinchoq, bir chetda jimgina o‘tiradigan qizaloq edim, – degan edi aktrisa biz bilan suhbatda. – Onam sendan aktrisa chiqmaydi, qo‘y, bu orzuingni, degan. Otam esa meni qo‘llash bilan birga monolog o‘qib, turli asarlardan parcha aytib, biz farzandlarini hayratga solardi. (Qo‘shimcha, Dilbar Ikromova yana bir intervyuda aytgan edi: Otamga onam institutga ruxsat bermaganini aytgandimda, “Hech kimga indamay”, hujjatlaringni topshirib kelaver, deya meni ruhan qo‘llab-quvvatlagan. Imtihonda hay’at-a’zolarining birinchi savoli esa: “Siz maktabni bitirganmisiz? 5-6 sinf o‘quvchisiga o‘xshar ekansiz”, deb kulishgandi. Keyin “Qaysi asardan parcha o‘qib berasiz?”, deyishganida “Boy ila xizmatchi”dagi Sifat buvini”, desam yana kulgi ko‘tarilgan. Mahoratli ijro etib, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganman). O‘qishni bitirib, teatrda ishlay boshlaganimni eshitgan qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilish avvaliga ishonmagan. “Yo‘g‘-e, bor-yo‘qligi bilinmaydigan qizdan qanday artist chiqadi?”, – deyishgan.
– O‘zim ham biror rolni qoyil qildim, deyolmayman-u, ammo yaratgan obrazlaringiz orasida qaysi biri o‘zingizga ko‘proq ma’qul, degan savolga doim “O‘zbekcha raqs”dagi Ona, deyman. O‘zbekiston xalq artisti Turg‘un Azizov sahnalashtirgan ushbu asar ssenariysini o‘qiganimdayoq shu obrazga bog‘lanib qoldim. Ustozimiz Turg‘un aka “Dilbar, bu rolda sendan boshqani tasavvur qilolmadim”, deya ishonch bildirgani menga qo‘shimcha kuch bag‘ishladi. Bir olam orzu-umid bilan yashayotgan ona yolg‘iz o‘g‘li rus qizni uyga yetaklab kelgach, har qancha og‘ir bo‘lmasin, ajnabiy kelinni qabul qiladi va ko‘p qiyinchiliklardan so‘ng uni haqiqiy o‘zbek ayoliga aylantirishga erishadi. Oddiy o‘zbek onasining oilaga, farzandga, millatga sadoqati tarannum etilgan ushbu sahna asari ko‘pchilikka ma’qul bo‘layotganidan mamnunman. Hamkasblarim ham sahnada rolingizni emas, o‘zingizni ko‘rganday bo‘ldim, deyishganda, ko‘nglim ko‘tariladi. “Chimildiq”dagi momo obrazini ham ko‘pchilik e’tirof etadi. Haqiqatan, ayollarimizni ancha o‘zgartirib yuborgan bugungi kun uchun ana shunday nuktadon, zukko momolar juda zarur. Hozirgi yoshlarga, kelinu qizlarga qulog‘iga olsa-olmasa, asardagi bir gapni aytgim keladi: shunday yashangki, yetti pushtingizda nobop farzand chiqmasin… Kasbimning shu jihatini yaxshi ko‘ramanki, hayotimizda uchraydigan har xil holatlar, dilxiraliklarni ikki soatlik spektakl davomida unutaman. Boshqa dunyoga olib ketadigan sahnada hayotim tugamasaydi, shu tarzda davom etaversaydi, deyman…
Ayrim aktyorlar o‘zini yo teatrga, yo kinoga xos, deb hisoblaydi va shunga yarasha rol tanlaydi. Dilbar Ikromova esa aksincha, qaysi rolga munosib ko‘rishmasin, rejissyor ishonchini oqlashga uringan, epizodik rolni ham tomoshabinning yodidan chiqmaydigan tarzda qiyomiga yetkazgan. “Drama janrida o‘ynasam, komediyani sog‘inib qolaman yoki komediya bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘lib qolsam, jiddiyroq obrazlarni qo‘msayman, – degan edi Dilbar Ikromova. – Ikkalasi aralashgan asar bo‘lsa, sahnada yanayam mazza qilib “yashayman”.
Dilbar opa o‘z volidasining oilaga, farzandlarga nisbatan sadoqatini doimo to‘lib-toshib gapirar edi:
– Otam insult bo‘lib, o‘n besh yil yotgan. Mushtipar onaginamning shuncha vaqt biror marta bo‘lsin, “voy” deganini eshitmadik. Avvalgi onalar soddaroq bo‘lgan ekan, shekilli-da…
– Onam doim “O‘zbekiston xalq artisti» unvonini olganingni ko‘rsam, armonim yo‘q edi. Keyin o‘lsam ham mayli edi” derdi. Aytganidek, unvon olganimdan bir oy o‘tib, 84 yoshida vafot etdi. Otam esa 74 yoshida olamdan o‘tgan. Yorug‘ kunlarni ko‘risholmadi, deb o‘kinaman
Sevimli yozuvchimiz Said Ahmad Dilbar opaga: “Farmonbibining ayrim xislatlarini sening oyingdan olganman”, degan ekan. Haqiqatan, Farmonbibi o‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa deb, nafaqat farzandlarining har biriga, balki nevara-yu evaralargacha g‘amxo‘rlik qilishga kuch topib, bir olam mehr ulasha oladigan o‘zbek onalarining yorqin timsoli edi. Dilbar Ikromovaning ham yolg‘iz o‘g‘liga cheksiz bo‘lgan muhabbatini, nabiralariga bo‘lgan ulkan mehrini so‘zi, ko‘zlari “aytib” turardi.
– Nabiramga kitob sovg‘a qilishni odat qilganman, – degan edi opa sevinib suhbatimiz davomida. – Bir gal o‘yinchoq olib borsam, “Buvijon, o‘zingiz aytgansiz-ku, eng yaxshi sovg‘a kitob, deb. Nega o‘yinchoq olib keldingiz” degan. Juda xursand bo‘lganman. Haqiqatan, kitob – bilim, kitob – hayot. Biz talabalik davrimizda ham o‘zbek, ham dunyo adabiyotini muntazam o‘qib borardik. Hozirgi ayrim yoshlar chet el adabiyotining nodir namunalarini eshitmagan ham. Mana, endi kitobxonlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Xudo xohlasa, bilimdon yoshlarimiz ko‘payadi…
O‘zi qahramonlaridek samimiy, sodda, ammo so‘zining yuki zalvorli bo‘lgan Dilbar Ikromovaning oxirati obod bo‘lsin.
Manba: fikrat.uz