Bu haqda Spiegel xabar berdi.
28 yanvar kuni Germaniyada Deutsche Bankning Frankfurt-Mayndagi bosh qarorgohi va Berlindagi ofisida pul yuvish gumoni bilan tintuvlar o‘tkazildi. Reydlar Germaniya prokuraturasi topshirig‘iga binoan Federal jinoyat qidiruv boshqarmasining qariyb 30 nafar xodimi tomonidan amalga oshirildi.
Frankfurt-Mayn prokuraturasi bankning ayrim rahbarlari va xodimlariga nisbatan pul yuvish bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma’lum qildi. Tergovchilarga ko‘ra, kredit muassasasi avvalroq pul yuvishda foydalanilgan bo‘lishi mumkinligi gumon qilinayotgan xorijiy kompaniyalar bilan aloqalarni saqlab kelgan.
Spiegel nashrining yozishicha, tintuvlar tergovchilar rossiyalik oligarx Roman Abramovichga aloqador deb hisoblayotgan firmalar bilan bog‘liq.
Abramovichning advokati esa mijoziga ushbu ish bo‘yicha Germaniya idoralari tomonidan olib borilayotgan tergovlar haqida hech narsa ma’lum emasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Abramovich doimo amaldagi milliy va xalqaro qonunlar hamda me’yorlarga muvofiq harakat qilib kelgan.