Bugun 1 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Davlat bojxona qo‘mitasida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi

Davlat bojxona qo‘mitasida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi

Raqamli texnologiyalar meni juda qattiq
tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng
og‘ir illat – korrupsiya balosini yo‘qotishda
samarali vositadir.

Shavkat MIRZIYOYEV

O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi T.Norboyeva tomonidan tasdiqlangan “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlangan Antikorrupsion haftalik doirasida Davlat bojxona qo‘mitasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda asosiy e’tibor davlat bojxona xizmati organlari faoliyatining ochiqligi, jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorligini ta’minlash, ular faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganishga qaratildi.

Tadbirni ochar ekan, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.Azimov so‘nggi yillarda respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, joriy yilning 24 yanvar kuni Muhtaram Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan murojaatida islohotlar samarasi ko‘p jihatdan quyidagi to‘rt omilga, ya’ni qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashish, institusional salohiyatni yuksaltirish va kuchli demokratik institutlarni shakllantirishga bog‘liqligiga  urg‘u berdilar.

Mazkur murojaatnomadan ko‘p vaqt o‘tmay tashkil qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur yo‘nalishdagi vazifalar ijrosini tizimli tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi

Ta’kidlash joizki, mazkur agentlik bilan Davlat bojxona qo‘mitasi o‘rtasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘zaro imzolangan “Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” asosida jadal ravishda olib borilmoqda.

Ushbu “Yo‘l xaritasi”da

–  sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish hamda bojxona proseduralarini raqamlashtirish hisobiga bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish va mavjud byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish;

– korrupsiya bilan bog‘liq har qanday holatlarni boshlanish bosqichini o‘zida aniqlash va ularga sharoit yaratuvchi omillarni bartaraf etish;

– korrupsiyaga qarshi qaratilgan profilaktika-targ‘ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish hamda muvofiqlik tizimini takomillashtirish;

– bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida inson omilini qisqartirish;

– korrupsiyaga qarshi kurashish va o‘z xavfsizlik – “compliance control” tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar, blogerlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va talabalar ishtirokida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” doirasida Davlat bojxona qo‘mitasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida”gi Memorandum imzolandi.

Memorandumni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov va Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Murotjon Azimovlar imzolashdi.

Shuningdek, jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.

Brifingda ma’lum qilinishicha, so‘nggi 3 yilda bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish hamda sohani tubdan isloh qilishga qaratilgan 100 dan ortiq me’yoriy-huquqiy xujjatlar qabul qilingan.

Davlat bojxona qo‘mitasida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi

Rasmiylashtiruv jarayonidagi hujjatlar salmog‘i qisqartirilib, ilgari har bir rasmiylashtiruvda taqdim etilishi shart bo‘lgan 10 dan ortiq ruxsatnoma hujjatlari va  TIF TN kodi bo‘yicha ekspertiza xulosasini taqdim etish kabi talablar, ayrim tovarlarning eksport jarayonida kontraktlarni hisobga qo‘yish shartlari bekor qilindi.

Sohaga ilg‘or va innovasion texnologiyalarni joriy qilinishi hisobiga bojxona yuk deklarasiyalarini avtomatik ro‘yxatga olish va avtomatik taqsimlash joriy etildi. Natijada, ilgari ushbu jarayonga 2-3 soat vaqt sarflangan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 1-2 daqiqani tashkil qilmoqda.

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida davlat byudjetiga undiriladigan bojxona to‘lovlari miqdori yildan yilga ortib bormoqda.  Masalan, respublikamiz bojxonachilari tomonidan 2020 yilning o‘tgan 11 oyi davomida 21,5 trln. so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlari undirildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning ayni shu davrida 14,9 trln. so‘mni tashkil qilgan. Mazkur yo‘nalishdagi o‘sish 6,6 trln. so‘mni yoki 44,4 foizni tashkil qilmoqda.

Bojxona to‘lovlarini mobil-banking xizmati orqali onlayn o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi natijasida 2020 yilning 11 oyi davomida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bevosita banklarga bormasdan turib, 125,9 mlrd. so‘mlik bojxona to‘lovlarini amalga oshirishdi.

Davlat bojxona qo‘mitasida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi

Muhim yangilikdan biri – bu sohaga “Xavfni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimining amaliyotga joriy etilishi natijasida tovarlar va transport vositalarini 100 foiz bojxona nazoratidan o‘tkazishdek samarasiz usuldan voz kechilib, bugungi kunda 65 foizdan ortiq yuklar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda.

Joriy yilning 1 yanvaridan Davlat bojxona qo‘mitasi va bir qator vazirlik, idoralar hamkorligida ruxsatnoma hujjatlari va sertifikatlarni elektron ko‘rinishda rasmiylashtirish imkonini beruvchi “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi ishga tushirildi.

Bugungi kunda bojxona organlarida jami 56 ta axborot tizimlari va 30 ta interaktiv xizmatlari amaliyotga joriy etildi.

Bojxona xodimlarining faoliyatini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan onlayn tartibda baholash tizimi joriy etildi. Ushbu tizim hozirda yanada takomillashtirilmoqda.

Tadbirning yanada jonli o‘tishiga xizmat qilgan omillardan biri ishtirokchilar shu yerning o‘zidan turib, videokonferensiya ko‘magida Toshkent viloyatidagi “Yallama”, Buxoro viloyatidagi “Olot” hamda Surxondaryo viloyatidagi “Ayritom” chegara-bojxona posti faoliyatini onlayn ravishda kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi.

Brifingda ma’lum qilinishicha, kelgusida tizimda korrupsiya va boshqa salbiy illatlarni bartaraf etish borasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan uzviy hamkorlikda aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar yanada kuchaytiriladi.

Xavf darajasi past bo‘lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini bosqichma-bosqich inson omilini aralashtirmagan holda avtomatik rasmiylashtirishni joriy etish ham oldindagi muhim rejalardan biri hisoblanadi.

Qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan brifingdan so‘ng “Ochiq eshiklar kuni”ga tashrif buyurgan ishtirokchilar bojxona organlari faoliyatiga tadbiq qilingan zamonaviy texnologiyalar va nazorat-texnik vositalarining kichik ko‘rgazmasi bilan tanishishdi.

Bugun chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan fuqarolar soni 2,5 barobarga (2017 yilda 21,7 mln., 2018 yilda 40,4 mln. va 2019 yilda 42,6 mln.) va avtotransport vositalari soni deyarli 4 barobarga (2017 yilda 484,7 ming, 2018 yilda 1,2 mln. va 2019 yilda 1,9 mln.) keskin ortdi.

Bugungi kunda, bojxona organlari tasarrufida mavjud 110 ta bojxona postlari (shundan 57 tasi chegara va 53 tasi tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari) 19 ta inspeksion ko‘rik majmuasi, 15 ta inson tanasini skaner qiluvchi qurilma, 216 ta rentgen apparati, 1287 ta radiasion portal monitor, 30 ta avtotarozi, 19 ta avtotransport vositalari davlat raqamlarini aniqlash tizimi, 163 ta kontrabanda ashyolarini aniqlash jamlanmalari, 131 ta muqim va 302 ta qo‘lda olib yuriluvchi metallodetektorlar bilan jihozlangan.

“Ochiq eshiklar kuni” doirasida tadbir ishtirokchilari Davlat bojxona qo‘mitasining “Bojxona tarixi” muzeyi bilan ham tanishdilar.

Davlat bojxona qo‘mitasida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi

Kiritildi: 18:38 03.12.2020. O'qildi: 2017 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!