Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Davlat bilan qo‘rqitmang, iltimos!

Davlat bilan qo‘rqitmang, iltimos!

Xabaringiz bor, o‘tgan hafta internet tarmoqlarida “Sport” telekanalining ikki xodimi, “Futbol plyus” loyihasi ishtirokchilari “O‘zbekiston 24” telekanalini tanqid qildi. Va ishdan bo‘shatildi!

Xo‘sh, ular nima “jinoyat” qildi?

Ular “Qog‘oz bilan “O‘zbekiston 24” kanalida hamma narsa zo‘r, Hayot butunlay boshqa narsani ko‘rsatyapti” deyishdi. Yoki “O‘zbekiston 24” boshqa muqobil, “Susambil” davlatida tashkil topganmi?!”, “Sardobaliklar suv toshganidan ham xursand ekan” deya tashbeh qo‘llashdi. Xullas, shu va shu kabi gaplar.

Endi faraz qiling, ikki jurnalist erkin fikrladi, so‘zladi va MTRK rahbarining qahriga uchradi. Rahbar “Xo‘sh, bizning korporasiyamiz (ya’ni kompaniyamiz) korporativ etikani tan olmaydigan, hamkasblarining yuziga oyoq qo‘yadigan, siyosiy va madaniy ongi hamda professionalizmi haminqadar bo‘lgan bu ikki xodimning xizmatiga muhtojmi?” deya masalaga nuqta qo‘ydi.

Ikkilanmay aytaman, muhtoj! Chunki erkin va sog‘lom fikrlaydigan inson nainki boshqa sohalarda, balki jurnalistlar ichida ham kamyob.

Boringki, ular endi ishsiz qoldi, deb o‘ylaymizmi? Aslo yo‘q. DAVLAT kanallari ishlatmasa, nodavlatlar “oyog‘ini yerga tekkizmay” ishga oladi. Xo‘p, o‘shanda kim yutqazgan bo‘ladi? Butunlay ishsiz qolishsa, jamiyatdan norozi bo‘ladi va yana ham norzilarning ko‘payishiga zamin yaratiladi.

Qolaversa, davlat TVlarining boshqa xodimlari “yuragini oldirib qo‘ygani”, kasbidan sovuganigagina erishiladi. Vaholanki, jurnalistning erkin so‘zi, fikri, qarashi bo‘lmasa, u toifaning mol boqqani, g‘isht tergani (aslo hunarni kamsitmagan holda aytaman, hammaning tanlagan yo‘li, maslagi bor) ming marta afzal. Chunki bundan ham jamiyat yutadi, ham o‘zining vijdoni qiynalmaydi. 

Endi kaminani ayrim savollar qiynaydi. Prezident yig‘ilishlarida xususiy banklarning faoliyatiga ko‘proq yo‘l ochamiz, xususiy notariuslarga yana ko‘proq imkoniyat beramiz, ayrim davlat ulushlaridan tadbirkorlar foydasiga voz kechamiz, nodavlatlar bir so‘mini ham o‘ylab ishlatadi, havodan kelayotgan pul, deb istagancha sovurmaydi kabi fikrlarni bildiryapti. Shubhasiz, bu sog‘lom qarash.

Davlat gazetasi, TVsi, radiosi davlatning ulushi, ko‘magi bo‘lgani uchun oyni etak bilan yopishga intilaversa, “Susambil” jamiyatni ko‘rsataversa qayerga boramiz? Hatto bu oldi-qochdilarning davlatga ham keragi yo‘q. Maddoh jurnalistika – bu jurnalistika emas. Tekinxo‘rlik, xolos.

Vaholanki, muttasil tarzda jamiyatga qora chaplovchi, dunyoni qora ranglarda ko‘ruvchi OAVning ham xolisligiga shubham bor.

Xulosa. Davlat OAVlarining rahbarlari! Siz davlat emassiz! Yuqoridan yashirmang haqiqatni. Qo‘lingizdan kelsa, muvozanatni ushlang, joyi kelsa maqtang, e’tirof eting, ammo xolis bo‘ling! Qorani qora ham deya oling!

Aks holda biz yana uzoq yillar bir xil qo‘shiq eshitamiz... 

Isomiddin PO‘LATOV,
"Jomboy tongi" gazetasi muharriri.   

 

Eslatma! Muallif fikri sayt nuqtai nazarini ifodalamaydi.

 

Kiritildi: 17:48 25.05.2020. O'qildi: 5867 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!