Myanmadagi quvg‘in va ta’qiblardan qochgan musulmon rohinjalar – 2017 yilda ularning taqdiri keng muhokama qilingan bo‘lsa-da, ularga bo‘lgan e’tibor asta-sekin so‘ndi: butun dunyo bu kichik xalqning hayoti va o‘limiga deyarli befarq ekani ma’lum bo‘ldi. Bangladeshdan qo‘nim topgan qochqinlarning iztiroblari esa tugagani yo‘q. Ular hech qanday sharoiti yo‘q lagerlarda omon qolishga va bir yil avval boshlariga tushgan dahshatlarni unutishga harakat qilmoqda. Biroq bu hammaning ham qo‘lidan kelmayapti.
Myanmadan qochgan rohinjalar etnik tozalash, qotilliklar va jinsiy zo‘rlashlar haqida gapirib berdi. Myanma hukumati esa bularni o‘ylab topilgan va bo‘rttirilgan gaplar deb atadi: go‘yoki faqatgina mahalliy xavfsizlik kuchlariga hujum qilgan terrorchilarga qarshi kurash olib borilgan. Jinsiy zo‘ravonliklar oqibatida 2018 yilning bahorida chaqaloqlar tug‘ilmaganida, bu ayblovlar unutilib ketishi mumkin edi. Bu go‘daklarni yaxshi ko‘rishmaydi, ularning onalari esa sha’ni bulg‘angan ayollar hisoblandi...
Rohinjalar asosan Myanmaning Rakxayn shtatida yashovchi xalqdir. Ular Islom diniga e’tiqod qiladi va o‘zlarini mintaqaning tub aholisi deb hisoblaydi. Myanmalik buddaviylarning fikricha, rohinjalar Britaniya hukmronligi paytida Bangladeshdan ko‘chib kelgan.
Myanmaning hozirgi hukumati rohinjalarni qo‘shni mamlakatlarga siqib chiqarishga yoki assimilyasiya qilishga urinmoqda. Hukumat rohinjalarning mahalliy aholini qo‘rqituvchi jangarilar ekaniga va radikal qarashlarni tarqatishiga ishonadi. Bunga dalil sifatida mamlakatdagi boshqa musulmon jamoalarning buddaviylarning aloqalari yaxshi ekanini aytadi.
2017 yilning avgustida bir guruh rohinja o‘z xalqining taqdiriga e’tibor qaratish maqsadida hukumat kuchlariga hujum qildi. Javob tariqasida qishloqlarda ommaviy tozalash boshlanib ketdi va pirovardida 700 mingga yaqin qishi Bangladeshga qochib o‘tdi.
Myanma harbiylari amalga oshirgan vahshiyliklar orasida aybsiz ayollar va qizlarning jinsiy zo‘rlanishi ham bor. Jurnalistlarning aniqlashicha, harbiylar guruh-guruh bo‘lib uylarga bostirib kirgan, ayollarni do‘pposlagan va navbati bilan zo‘rlagan. Bu jinoyat turli qishloqlarda, tizimli ravishda amalga oshirilgan.
Zo‘rlashdan keyin homilador bo‘lib qolganini aytish rohinja ayollari uchun hayotidagi bor narsadan ayrilish deganidir. Rohinjalar zo‘ravon buddaviydan tug‘ishni sharmandalik belgisi deb hisoblaydi. Bundan tashqari, chaqaloqlar o‘z onalariga boshlaridan o‘tkazgan dahshatlarni eslatib turadi. Shuning uchun ayollar homiladorlikni yashirishga yoki homiladan xalos bo‘lishga uringan. Shu tufayli ham qancha ayol zo‘rlanganini va ulardan qanchasi tuqqanini aniqlashning iloji yo‘q.
“Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti vakillarining bildirishicha, ayollar shifokorlarga murojaat qilmaydi, odatda imi-jimida tug‘adi va ko‘plari asoratlar oqibatida vafot etadi. Ba’zilar istalmagan bolalarni ko‘ngillilarga topshiradi, ular esa boshqa oilalarga.
2017 yilning avgustida M. uyda bolalari bilan o‘tirganida tashqaridan o‘q ovozlari va baqir-chaqirlar eshitildi. Uning ikki qizi qochishga ulgurdi, o‘zini esa qo‘lida ikki yashar o‘g‘li bilan askarlar ushlab oldi. Askarlardan biri yig‘layotgan bolani bo‘g‘ib o‘ldirdi, qolganlar ayolni uyga olib kirib avvaliga kaltakladi, keyin zo‘rladi.
Eri uni ikki kundan keyingina topa oldi. Ayolni Bangladesh chegarasigacha olib bordi. M. zo‘rlanganini ayta olmadi, biroq to‘rt oydan keyin yashirib bo‘lmay qoldi: u homilador va o‘zini yomon his qilayotgan edi.
M. bor haqiqatni eriga aytishiga to‘g‘ri keldi, bunga javoban ta’na eshitdi, xolos. Eri ajrashmoqchi bo‘ldi, M. bolalarga yordam berishi uchun uni birga qolishga ko‘ndirdi. Ammo eri uyga kam keladi, o‘zini xuddi xotini yo‘qdek tutadi.
Chaqaloq tug‘ilganida u M.ga zo‘ravonni eslatib yubordi. Chaqaloqning yig‘isi uning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Bolaga hatto ism ham qo‘ymadi. «Men uni yaxshi ko‘rmayman», – deydi ayol, biroq bolaning hech qanday gunohi yo‘qligini va mehr-shafqatga muhtojligini aytadi. Bolani boshqa oilaga bermoqchi emas, kun kelib unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishiga umid qilgan holda bolani parvarish qilmoqda.
M. uzzukun uyda yotib, o‘ziga o‘lim tilaydi. «Hayotimning ma’nisi qolmadi», – deydi u.
Ammo zo‘rlanganlardan ba’zilarini yaqinlari qo‘llab-quvvatladi. Masalan, T. eri u bilan ajrashishiga ishonchi komil edi, shuning uchun bir oy hech narsa deya olmadi. Bor haqiqatni aytganida esa, eri unga qo‘shilib yig‘ladi. «Bu sening aybing emas. Buni sen istamagansan», – dedi u.
T. lagerda uning singari ayollarni qidirib yurgan shifokorni uchratmaguncha abort qildirishi mumkinligini bilmagan edi...
Vaqt o‘tishi bilan zo‘rlangan ayollar bo‘lib o‘tgan voqea uchun o‘zlarini ayblashni bas qilib, kechirishni boshlashmoqda. Ular uyaladigan hech nima qilmaganliklarini anglagach, boshlariga tushgan kulfatni boshqalarga ham so‘zlab berishadi: ular zo‘ravonliklarga turtki beradigan hech narsa qilishmagan, xo‘sh, nega uyalishlari kerak?..
“Men ortiq yashirinib yurishni xohlamayman”, – deydi X.
Bolasini boshqa oilaga bergan 13 yoshli A. ham shunday fikrda. “Men adolat xohlayman”, – deydi u.
Lenta.ru'dan qisqartirib tarjima qilindi.
Manba: azon.uz