Bugun 30 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Dafndan keyin qabrni ochish mumkinmi?

Dafndan keyin qabrni ochish mumkinmi?

Bismillahir Rohmanir Rohim. Ta’kidlash lozimki, musulmon kishi hayotlik davrida qanday hurmat-ehtiromda bo‘lsa, vafot etganidan keyin ham xuddi shunday ehtiromda bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam vafot etgan kishini e’zozlash haqida shunday deganlar:

عَنْ عَائِشَةَ، قَالَتْ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “كَسْرُ عَظْمِ الْمَيِّتِ كَكَسْرِهِ حَيًّا” (رواه الإمام أبو داود)

ya’ni: Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilindi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Vafot etgan kishining suyagini sindirish – tirik kishining suyagini sindirish bilan barobardir”, – dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisni sharhlagan ulamolar: “Tirik kishini suyagini sindirish qanday gunoh bo‘lsa, vafot etgan kishining suyagini sindirish ham o‘shanday gunohdir”, – deganlar.

Mayyit qabrga dafn qilingandan keyin qayta chiqarishga shariatimiz ruxsat bermaydi. Faqat dafn qilingan joy birovning yeri bo‘lib, egasi rozi bo‘lmasa yoki mayyitning kafani birovdan tortib olingan mato bo‘lsa, mayyitni qabrdan chiqarishga ruxsat berilgan (“Fatovoi hindiyya” kitobi). Hatto bizning mazhabimizda namoz o‘qilmasdan ko‘milgan mayyitni ham qabrdan qayta chiqarilmaydi, balki mayyit hali titilmagan (yorilmagan), deb gumon qilinsa (ba’zi ulamolar buni uch kungacha deganlar), qabrining yoniga kelib, unga janoza o‘qiladi.
“Fathul qodir” kitobida quyidagi jumla keltirilgan:

وَاتَّفَقَتْ كَلِمَةُ الْمَشَايِخِ فِي امْرَأَةٍ دُفِنَ ابْنُهَا وَهِيَ غَائِبَةٌ فِي غَيْرِ بَلَدِهَا فَلَمْ تَصْبِرْ وَأَرَادَتْ نَقْلَهُ
أَنَّهُ لَا يَسَعُهَا ذَلِكَ

ya’ni: “Bir ayolning farzandi u yo‘qligida boshqa shaharga dafn qilingan bo‘lsa va u ayol sabr qila olmay bolasining qabrini ko‘chirib kelishni xohlasa, bunday qilishi joiz emasdir.

Mashoyixlar shunga ittifoq qilganlar” (“Fathul qadir” kitobi).

Demak, musofir kishi safar davomida vafot etib, o‘zga yurtda dafn qilingan bo‘lsa, yaqinlari uning qabrini ochib, o‘zlarining vataniga olib ketishlari shar’an joiz emas.

Hatto dafndagi sunnat amallarga amal qilinmasdan dafn qilingan mayyit haqida fiqhiy kitoblarimizda shunday deyilgan: “Mayyit qiblaga qarab yotqizilmagani yoki chap yoni bilan yotqizilgani, yoxud boshi oyoq tomonga qilib qo‘yilgani ma’lum bo‘lsa, qaraladi: agar lahadning og‘zi xom g‘isht bilan berkitilgan, lekin hali tuproq tortilmagan bo‘lsa, ochib, sunnatga muvofiq qilib qo‘yiladi. Ammo bu narsa tuproq tortilgandan keyin bilinsa, qabr ochilmaydi” (“Fatovoi hindiyya” kitobi).

Bir qabrga ikkinchi mayyitni qo‘yish masalasida fiqhiy kitoblarimizda shunday deyilgan:

وَلَوْ بُلِيَ الْمَيِّتُ وَصَارَ تُرَابًا جَازَ دَفْنُ غَيْرِهِ فِي قَبْرِهِ وَزَرْعُهُ وَالْبِنَاءُ عَلَيْهِ

ya’ni: “Qabrdagi mayyit chirib, tuproqqa aylangani ma’lum bo‘lsa, shu qabrga boshqa mayyitni qo‘yish mumkin. Shuningdek, bu kabi qabrlar o‘rnida dehqonchilik qilish va imorat solib, foydalanish ham joizdir” (“Tabyinul haqoiq” kitobi).

Ulamolarimizning fatvolarida bizning yurtimizda bir qabrga ikkinchi mayyitni qo‘yish uchun oradagi muddat 40 yil atrofida bo‘lishi kerakligi aytilgan. Shuningdek, zarurat bilan qabriston buziladigan bo‘lsa, qabristonga oxirgi marta taxminan 40 yil avval dafn qilingani ma’lum bo‘lganda, uni buzishga ruxsat beriladi. Aks holda muddat kelguncha kutiladi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, shariatimiz ruxsat bergan ma’lum o‘rinlardan boshqa holatlarda dafndan keyin qabrni qayta ochish mumkin emas. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay’ati. @diniysavollar

Kiritildi: 06:00 28.10.2020. O'qildi: 5129 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!