2 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Chorsu maydonini rekonstruksiya qilish bo‘yicha yakuniy loyiha taqdim etilgan. Loyiha doirasida Chorsu maydonida yangi mehmonxona, biznes-markaz va turar-joy binolari barpo etiladi. Loyiha Germaniyaning Tchoban Voss Architekten kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan, qurilish ishlari 2025 yilda boshlanishi va 2029 yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 170 million AQSh dollaridan ortiq deb baholanmoqda.
Rekonstruksiya ishlari davomida 1982 yilda arxitektor Vladimir Spivak tomonidan qurilgan va 2000 yillardan buyon ishlamayotgan “Chorsu” mehmonxonasi demontaj qilinadi.
Yangi quriladigan majmua Chorsuning umumiy me’moriy shakl-shamoyilini saqlab qolgan holda shaharning muhim arxitektura markazlaridan biriga aylanishi aytilmoqda. Yangi majmuada zamonaviy ofislar, mehmonxonalar va turar joy binolari bilan birga “Chorsu” mehmonxonasiga bag‘ishlangan kichik muzey ham ochilishi rejalashtirilgan.