Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Aziz Abduhakimov boshchiligida sanitar tozalash korxonalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Chiqindilarni boshqarish va sikrkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanovning axboroti tinglanib, sohadagi 111 ta korxona, jumladan 15 ta davlat, 50 ta DXSH, 5 ta klaster va 41 ta muqobil korxonalar faoliyati tahlil qilindi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, chiqindilardan muqobil energiya olishni 35 foizga oshirish va poligonlarni 50 foizga qisqartirish vazifalari ko‘rib chiqildi.
Aholining roziligini oshirish uchun chiqindilarni olib ketish grafiklariga rioya etish, Call-markazlar va onlayn platformalar ishini kuchaytirish hamda “mahalla yettiligi” bilan muammoli nuqtalarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Sohada 12 ta yangi imtiyoz joriy etildi va 12 ta mavjud preferensiya muddati uzaytirildi.
Shuningdek, amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtalib, 47 ta poligon rekultivasiya qilinib yopildi, 37 tasi esa elektron tarozi va kuzatuv kameralari bilan jihozlangani ma’lum qilindi. Muhim jihati — 2026 yil 1 yanvardan to‘lovlar faqat ko‘rsatilgan xizmat hajmiga qarab onlayn undiriladi va mablag‘lar Agentlik hisob raqami orqali KPI asosida taqsimlanadi.
Uchrashuvda Aziz Abduhakimov tomonidan tarif siyosatini qayta ko‘rib chiqish, bozorlar va umumovqatlanish ob’ektlari uchun alohida tariflar joriy etish, imtiyozlarni 2031 yilgacha uzaytirish hamda yoqilg‘i ta’minoti uchun “yashil yo‘lak” tashkil etish masalalariga ham alohida ahamiyat qaratildi va mas’ullar oldiga tegishli vazifalar qo‘yildi. Qarzdorlikni undirish tizimi elektr energiyasiga integrasiya qilinishi sababli to‘lovlarni to‘liq onlaynga o‘tkazish va yuridik shaxslar bilan ommaviy oferta shartnomalarini tuzish belgilandi.
Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharifbek Hasanov boshchiligidagi ishchi guruh 2026 yil aprelgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida sanitar tozalash korxonalari faoliyatini tahlil qilib, yangi hududlarni biriktirish va xonadonma-xonadon targ‘ibot ishlarini tashkil etishga mas’ul etib belgilandi.