2019 yilning 30 avgust kuni Adliya vazirligi tomonidan “Qonunchilikdagi yangiliklar” nomli brifing va matbuot anjumani tashkil etildi. Unda o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining soni ochiqlandi.
Adliya vazirligi xabarida qayd etilishicha, tadbirda ishtirok etgan Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi mas’ul xodimi Azim Ahmatov hozirda mehnat migrantlarning soni taxminan 2,6 va 3 mln atrofida ekanligini ma’lum qilgan.
Shuningdek,u Rossiyada payvandlash (svarkachilik) sohasida migrantlarga talab katta ekanligini hamda payvandlash sohasidagi mutaxassislarga mehnati uchun yuqori haq to‘lanayotganligini ma’lum qildi. Xususan, eng kamida 1700 rubl miqdorida haq olishi mumkinligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi birinchi yarim yillikda O‘zbekistonda ishsizlik darajasi o‘tgan yilning mos davri ko‘rsatgichiga qaraganda 0,2 foizga kamayib, iqtisodiy faol yoshdagi aholining 9,1 foizini tashkil qilganini ma’lum qilgan edi. Ta’kidlanishicha, chet elga mehnatga qilgani ketgan shaxslar soni 2018 yil mos davri bilan qiyoslaganda 1,9 foizga kamaygan. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlar har yili vataniga 4 mlrd $ yubormoqda.
Shu bilan birga, Rossiya FXX hisobotiga ko‘ra, birinchi yarim yillikda Rossiyaga 2,4 mln nafar xorijiy fuqaro ishlash maqsadida kelgan.
Ishlash maqsadida kelganlarning aksariyatini MDH mamlakatlari fuqarolari tashkil etadi. Ular orasida O‘zbekiston yetakchi - Rossiyaga olti oy ichida 918 ming nafar o‘zbekistonlik ishlash uchun kelgan. Tojikiston 523,9 ming kishi bilan ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Birinchi uchlikka Qirg‘iziston 265 ming kishi bilan kiritilgan. Keyingi o‘rinlarda Ukraina (164,6 ming kishi) va Qozog‘iston (105,3 ming kishi) ko‘rsatilgan.