Hamza Jumayev, jurnalist:
O‘quvchilik paytimizda borgan kutubxonalarimiz eski binolar edi, mebellar urinib qolgan, kitoblar sarg‘ayib ketgan.... Lekin u paytlarda kutubxonalarning fayzi boshqacha edi. Eshikdan kirishingiz bilan kutubxonachi opalar go‘zal tabassum bilan kutib olishar, ularning qo‘lidan jon deb kitob olib o‘qigingiz kelardi.
Vaqtlar o‘tdi. Kitob borgan sayin kam o‘qiladigan, hatto? javon bo‘sh turmasligi uchun sotib olinadigan yoki bezak uchun ishlatiladigan bo‘ldi. Ayniqsa, axborot texnologiyalarining taraqqiyoti kitobga bo‘lgan muhabbat va qiziqishning susayishiga olib keldi. Kitobsiz baribir hech qanday kelajak yo‘qligini butun dunyo tan olgani bilan kamdan kam davlatlar buning amaliy yechimiga e’tibor qaratdi. O‘sha kam sonli mamlakatlar qatorida O‘zbekiston hukumati kitobning ahamiyatini yuksaltirish, kitobxonlikni keng targ‘ib etish chorlarini ko‘rdi va ko‘rib kelmoqda. Ularni sanab o‘tirishga hojat yo‘q.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi. Poytaxt markazida savlat to‘kib turgan bu binoning haybati otni hurkitadi. Eshik oldi tumonat odam. Kiraverishda xavfsizlik vajidan ikkita detektor o‘rnatilgan. Uning biridan erkaklar, ikkinchisidan ayollar o‘tishi kerak. Birinchi tirbandlik aynan shu yerda. Bunisiga, ha mayli, xavfsizlik nuqtai nazaridan shunday bo‘lishi kerak, deb ko‘nasiz. Lekin ichkariga o‘tgach, qaydxonaga bor, pul to‘la, ruxsatnoma ol kabi qator jarayonlar talab qilinadi. Har bir tuynukning oldi to‘la odam.
Men ikki hamkasbim bilan u yerga bu narsalarni ko‘rish yoki “urish” maqsadida bormagan edik. Shunchaki, shunaqa holat ustidan chiqib qoldik. Maqsadimiz, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan, millionlab yoshlarni qiziqtirgan, jamiyatga kitobni “qaytarish”ga xizmat qilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi uchun 30 soniyalik videorolik tayyorlash edi. Buning uchun avvalo kutubxonaning o‘quv zalini va boshqa nuqtalarni birrov ko‘zdan kechirish edi. Chunki, bu mavzuda rolik tayyorlash uchun eng maqbul joy aynan shu kutubxona, deb o‘ylagandik. Kutubxona jamoasi bu taklifimizni jon deb qabul qiladi, axir bir tomondan kitob targ‘iboti ularning ham vazifasi-ku, degan fikrda borgandik. Afsuski, fikrimiz bir joydan chiqmadi.
Kutubxonaning birinchi detektoridan amallab kirdik. Ma’lumot berguvchi tuynukka bosh suqib, maqsadimizni aytdik. Kutib turishimizni, hozir bir xodim tushishini aytishdi. Hammaga bag‘rini ochib kutib olishi kerak bo‘lgan mo‘’tabar maskan menga torlik qila boshladi. Xodim keldi. Unga maqsadni yana bir bor tushuntirdik. U bizdan tasvirga olish uchun rasman xat lozimligini aytdi. Biz esa avval ko‘rishimiz, joy ma’qul kelsa so‘ng xat berajagimizni tushuntirdik. Shunda boshqa bir ayol xodima sal jonimizga oro kirdi. Bo‘ldi hujjatingizni ko‘rsatib kiringlar, deya bizni keyingi eshik sari boshladi. U yerda yana bir ichki ishlar xodimi oldimizni to‘sib, bir martalik ruxsatnoma yozdiringlar, deb talab qo‘ydi. Xullas, xizmat guvohnomamiz ham, gaplarimiz va tushuntirishlarimiz ham ish bermadi. Bino ichida yurgan yuzlab odamlar orasida eng xavfli shaxslarga o‘xshab qoldik. Modomiki, bir ko‘rib chiqish shunchalik muammo ekan, tasvirga olish uchun bizni qanday chig‘iriq va asabbuzarlik kutayotganini tasavvur qildigu yo‘limizdan qaytdik. Mayli uzr, sizlarda qog‘ozbozlik kuchli ekan, sog‘ bo‘linglar, deb xayrlashdik.
Biz-ku tasvirga olish ishlari uchun boshka kutubxona topdik xam, kelishdik xam. Shu bilan yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolishi mumkin edi. Lekin, men o‘zim duch kelgan holatda jim turish oddiy odamlarning, kitobsevarlarning kutubxonadan oyog‘ini tortishiga sabab bo‘lishi mumkinligi uchun ham bu gaplarni yozdim. Hatto, strategik davlat binolariga kirish tartibi ham O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga kirishdan ancha oson. Bir kelgan odamga bu yerdagi sarsonlik, yana qayta kelish ishtiyoqini so‘ndirishga qaratilgandek tuyuladi. Bir paytlar poytaxtga ish bilan kelgan odamlar, ikki uch soat kutish kerak bulsa, aynan shu kutubxona (eski binosi)ga kirib kitob o‘qiganlarini ko‘rganman. Yo‘ldan o‘tib keta turib ham bir kirib chiqish mumkin bo‘lgan bu maskanga har tugul yaxshi niyatda kelinadi. Bu niyatning nomi – kitob o‘qish, ilm o‘rganish.
Nega yoshlar tungi klublaru, ayshxonalarga boradi, deb ayuhannos solgandan ko‘ra, kutubxonalarga magnitning itaradigan emas, tortadigan tomonini o‘rnatish kerak, nazarimda. Ruhan zo‘riqtiradigan joydan esa na ilm, na tasalli topib bo‘ladi.