2025 yilning birinchi kunida Rossiya Federasiyasi tarkibidagi Checheniston Respublikasida yangi diniy ta’lim muassasalarining qurilishiga start berildi. Respublika rahbari Ramzan Qodirov bu haqda o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qodirovning ta’kidlashicha, Grozniy shahrida qurilayotgan yangi madrasa kuhna Buxoroda tavallud topgan buyuk muhaddis olim Imom Al-Buxoriy nomi bilan ataladi. Loyihaga ko‘ra, madrasa uch qavatli binodan iborat bo‘ladi va u 500 nafar o‘quvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Toliblarning 250 nafari yotoqxona bilan ta’minlanishi mo‘ljallangan.
Shuningdek, Shatoy, Achxoy-Martan va Grozniy tumanlarida ham Qur’on hofizlari tayyorlaydigan uchta yangi diniy maktab barpo etilmoqda. Qurilish ishlari boshlanishi munosabati bilan Ramzan Qodirov quyidagicha izoh qoldirgan:
"Yangi yilni xayrli ish bilan boshladik. Grozniyda zamonaviy madrasa qurilishiga start berildi. Bu yosh avlodni tarbiyalash va ularni islomiy bilimlarga oshno qilish yo‘lidagi muhim qadamdir", dedi u.